
Mahallalar jinoyatchilik holatiga qarab rahbarlarga biriktiriladi
2026 yildan jinoyatchilik darajasiga qarab har bir mahalla uchun aniq rahbar va idoralar bevosita javobgar etiladi.

O‘zbekistonda mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha manzilli ishlashning yangi tizimi joriy etiladi. 2025 yil 5-yanvarda qabul qilingan «Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori shuni nazarda tutadi.
Jinoyatchilik darajasi og‘ir bo‘lgan mahallalar — tuman va shahar hokimlari, prokurorlar hamda ichki ishlar organlari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari javobgar etib belgilanadi. Ular mahalladagi xavfli omillarni bartaraf etish va profilaktika choralarini muvofiqlashtirish uchun shaxsan mas’ul bo‘ladi.
So‘nggi besh yil davomida «qizil» toifada saqlanib qolayotgan mahallalar — Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari rahbarlari, shuningdek, viloyat darajasidagi ichki ishlar organlari va hokimlik rahbarlarining o‘rinbosarlariga biriktiriladi.
Uch yildan beri «qizil» toifadan chiqmagan mahallalar bo‘yicha — huquq-tartibot idoralarining ta’lim va ilmiy tashkilotlari mas’ul qilib belgilangan. Ushbu yondashuv ilmiy tahlil va amaliy yechimlarni uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Kriminogen vaziyati eng og‘ir bo‘lgan tuman va shaharlar uchun viloyat prokurorlari hamda ichki ishlar organlari rahbarlarining birinchi o‘rinbosarlari bevosita javobgar hisoblanadi. Shu bilan birga, ayollar jinoyatchiligi, spirtli ichimlik va giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxslar hamda nizoli oilalar ulushi yuqori bo‘lgan mahallalar tegishli ravishda oila va xotin-qizlar, sog‘liqni saqlash hamda adliya boshqarmalari rahbarlariga biriktiriladi.
IIO xodimlari huquqbuzarlik xabarlarini hududdan qat’i nazar qabul qiladi
Nizoli oilalar bo‘yicha ma’lumotlarni tahlil qilishga mo‘ljallangan «E-nizoli oila» moduli joriy etiladi.
Shuningdek, O‘zbekistonda fuqarolarning huquqbuzarliklar haqidagi murojaatlariga tezkor javob berishning yangi tartibi joriy etiladi. Yil oxiriga qadar ichki ishlar organlari xodimlari fuqarolardan kelib tushadigan og‘zaki shikoyatlarni sohasi va hududidan qat’i nazar qabul qiladi. Bu amaliyot xodimlarning planshetlari orqali real vaqt rejimida ishlaydi va murojaat tegishli bo‘linmaga zudlik bilan yo‘naltiriladi.
Noyabr oyiga qadar «Mening inspektorim» mobil ilovasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. U orqali fuqarolar mahalla profilaktika inspektorlari bilan onlayn muloqot qilishi, foto, audio, video va signal xabarlarini yuborishi hamda inspektorlar faoliyatini baholash imkoniga ega bo‘ladi.
Hujjatda qayd etilishicha, 2025 yil 3-yanvardagi qarordan so‘ng mahallalarda jinoyatchilik darajasi bir yil ichida qariyb 1,5 baravarga kamaygan. 2026 yil uchun esa kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan mahallalarda tuman va shahar hokimlari, prokurorlar hamda IIB rahbarlari bevosita mas’ul etib belgilangan.
Jamoat joylarida huquqbuzarliklarni oldini olishda axborot-kommunikatsiya va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng qo‘llash, mojaroli oilalar bo‘yicha ma’lumotlarni sudlar o‘rtasida integratsiyalashtirilgan elektron tizim orqali monitoring qilish vazifalari ham belgilandi.





