
Mahkumlarga video-uchrashuvdan foydalanish huquqi beriladi
Yangi qonunga muvofiq, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar masofali video-uchrashuv yoki telefon orqali muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

2026 yil 15-yanvarda qabul qilingan O‘RQ–1112-sonli qonun bilan Jinoyat-ijroiya kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu hujjat mahkumlarning muloqot qilish huquqlarini kengaytirishni nazarda tutadi.
Kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga masofali video-uchrashuvdan foydalanish huquqi berildi. Bu huquq mahkumning o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi va muloqot davomiyligi 15 daqiqani tashkil etadi.
Qonunga binoan, mahkum bir marta masofali video-uchrashuv o‘tkazishi yoki telefon orqali so‘zlashishi mumkin. Ya’ni, endilikda muloqot shaklini tanlash imkoniyati yaratildi. Bu yangilik mahkumlar va ularning yaqinlari o‘rtasida aloqaning yanada qulay va zamonaviy usulda yo‘lga qo‘yilishiga xizmat qiladi.
Ilgari amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, mahkumlar faqat 15 daqiqa davom etadigan bir marta telefon orqali so‘zlashish huquqiga ega edi. Video-uchrashuv imkoniyati qonunchilikda nazarda tutilmagan bo‘lib, yangi qoidalar ushbu cheklovni bekor qildi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi. Ushbu normalarning amalga oshirilishi jazoni ijro etish muassasalarida texnik imkoniyatlar asosida ta’minlanishi kutilmoqda.





