Markaziy bank mijoz huquqini buzgan moliya tashkilotlariga milliardlab so‘m jarima qo‘llashi mumkin

Bugun 10:552 daqiqa

O‘zbekistonda bank va mikromoliya tashkilotlari uchun mijoz huquqlarini buzish holatlariga nisbatan keskin choralar belgilandi va jarimalar miqdori bir necha barobarga oshirildi.

Markaziy bank mijoz huquqini buzgan moliya tashkilotlariga milliardlab so‘m jarima qo‘llashi mumkin © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Markaziy bank boshqaruvining «Banklar va nobank kredit tashkilotlariga nisbatan choralar va sanksiyalar qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori 2026 yil 2-may kuni 3492-1-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Avval amaldagi tartib banklar va ayrim nobank kredit tashkilotlariga nisbatan qo‘llanilgan bo‘lsa, Nizom doirasida endilikda mikromoliya banklari, kafolatlar berish tashkilotlari, faktoring tashkilotlari hamda kredit byurolariga nisbatan ham choralar va sanksiyalar qo‘llash tartibi belgilanmoqda.

Markaziy banki tomonidan tasdiqlangan yangi o‘zgartishlarga ko‘ra, banklar, mikromoliya tashkilotlari va boshqa moliyaviy institutlar uchun mijoz huquqlarini buzish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha aniq va qat’iy jarima tizimi joriy etildi. Eng muhim yangiliklardan biri — mijozni chalg‘itish yoki noto‘g‘ri ma’lumot berish holatlari uchun katta moliyaviy jazolar belgilanganidir.

Jarimalar keskin oshdi

Yangi qoidalarga muvofiq, kredit yoki omonat shartlari bo‘yicha to‘liq ma’lumot taqdim etmaslik, kreditning haqiqiy qiymatini yashirish yoki axborot varaqasini bermaslik holatlari uchun banklarga har bir holat bo‘yicha 3 mln so‘mdan jarima qo‘llanadi. Agar bunday holatlar ommaviy tus olsa, jarima bank kapitalining 0,01 foizigacha, lekin kamida 300 mln so‘mni tashkil etishi mumkin. Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar uchun ham shunga yaqin miqdorlarda sanksiyalar belgilangan.

Eng og‘ir qoidabuzarliklar

Shuningdek, xizmatlar haqidagi ma’lumotlarni rasmiy saytda e’lon qilmaslik, shartnomalarni davlat tilida taqdim etmaslik yoki mijozga shartnoma nusxasini bermaslik kabi holatlar uchun ham alohida jarimalar joriy etildi. Ayniqsa, mijoz roziligisiz pul mablag‘larini boshqa hisobraqamga o‘tkazish eng og‘ir qoidabuzarlik sifatida baholanib, banklar uchun 2,5 mlrd so‘mgacha jarima qo‘llash imkoniyati nazarda tutilgan.

Kredit byurolari ham qamrovda

Yangi tartibda kredit byurolariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Noto‘g‘ri ma’lumot yuborish yoki kredit tarixi bo‘yicha xatolarga yo‘l qo‘yish holatlari uchun ham xuddi shu darajada jarimalar belgilangan. Shu bilan birga, mijoz murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslik, bank sirini oshkor qilish va shartnomalarga mijoz huquqini cheklovchi bandlar kiritish kabi holatlar ham qat’iy jazolanadi.

Mazkur o‘zgarishlar 2026 yil 7-avgustdan kuchga kiradi.

Teglar

Mavzuga oid