
Maskning Grok’i endi odamlarni «yechintira olmaydi»
X platformasida faol qo‘llanilayotgan Grok sun’iy intellekt modeli keskin jamoatchilik bosimidan so‘ng funksional cheklovlarga duch keldi.

Amerikalik milliarder Ilon Maskka tegishli bo‘lgan Grok sun’iy intellekt (SI) modeli bundan buyon haqiqiy odamlarning fotosuratlarini tahrirlash orqali ularni ochiq kiyimlarda tasvirlay olmaydi. Bunday qaror SI yordamida yaratilgan jinsiy mazmundagi dipfeyklar sababli yuzaga kelgan norozilik to‘lqinidan so‘ng qabul qilindi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
«Grok haqiqiy odamlarning suratlarini tahrirlashga va ularni bikini kabi ochiq-sochiq kiyimlarda tasvirlashiga yo‘l qo‘ymasligi uchun choralar ko‘rdik. Ushbu cheklov barcha foydalanuvchilarga, jumladan, pullik obunachilarga ham tegishlidir», — deyiladi Grok AI'ni boshqaruvchi X platformasi e’lonida.
Ushbu o‘zgarishlar Kaliforniya bosh prokurori shtat rasmiylari ushbu model tomonidan yaratilgan jinsiy mazmundagi dipfeyklar, jumladan, bolalar tasvirlari tarqalishini tekshirayotgani haqida bayonot berganidan bir necha soat o‘tgach e’lon qilindi.
«Endilikda biz barcha foydalanuvchilar uchun Grok akkaunti va X’dagi Grok orqali real odamlarning bikini, ichki kiyim va shunga o‘xshash kiyimlardagi tasvirlarini yaratish imkoniyatini — bu noqonuniy hisoblangan yurisdiksiyalarda — geoblokirovka qilmoqdamiz», — deya ma’lum qildi X kompaniyasi o‘z bayonotida.
Shuningdek, kompaniya platformada Grok yordamida tasvirlarni tahrirlash imkoniyatidan faqat pullik obunaga ega bo‘lgan foydalanuvchilar foydalanishi mumkinligini ta’kidlagan.
Avvalroq tadbirkor Ilon Mask X platformasini himoya qilib, tanqidchilar «shunchaki so‘z erkinligini bo‘g‘ishni xohlashadi», deya bayonot bergan edi. Ushbu postga u sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning bikini kiygan holatdagi ikkita tasvirini ilova qilgan.
So‘nggi kunlarda turli mamlakatlar yetakchilari Grok’ning tasvirlarni tahrirlash funksiyasini keskin tanqid ostiga oldi. O‘tgan dam olish kunlari Malayziya va Indoneziya Grok AI vositasini taqiqlagan birinchi davlatlar bo‘ldi; bunga foydalanuvchilarning fotosuratlari ularning roziligisiz ochiq-sochiq holatda tahrirlangani haqidagi xabarlari sabab bo‘ldi.
Kir Starmer SI-tasvirlar atrofidagi janjal fonida X platformasi «o‘zini o‘zi tartibga solish huquqi»dan mahrum bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi, biroq keyinchalik platforma muammoni hal qilish bo‘yicha choralar ko‘rayotgani haqidagi xabarlarni olqishlashini bildirdi. Shuningdek, jamoatchilikning keskin noroziligi to‘lqinidan so‘ng ba’zi britaniyalik deputatlar X ijtimoiy tarmog‘ini tark etgan.





