
Meksikada samolyot qulab tushishi oqibatida kamida 7 kishi halok bo‘ldi
Favqulodda qo‘nish paytida sodir bo‘lgan aviahalokat yirik yong‘inga sabab bo‘lib, hudud aholisi evakuatsiya qilindi.

Meksikaning markaziy qismida xususiy kichik samolyotning halokatga uchrashi oqibatida kamida yetti nafar inson halok bo‘ldi. Rasmiylarga ko‘ra, samolyot favqulodda qo‘nishga urinayotgan vaqtda nazoratni yo‘qotib, sanoat hududiga qulab tushgan.
Hodisa Mexiko shahridan taxminan 50 kilometr g‘arbda joylashgan Toluka shahri yaqinidagi San-Mateo-Atenko tumanida ro‘y bergan. Meksika shtati Fuqarolik muhofazasi koordinatori Adrian Ernandesning ma’lum qilishicha, samolyot Akapulkodan uchib chiqqan va Toluka aeroportidan bir necha kilometr masofada halokatga uchragan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, xususiy samolyotda sakkiz nafar yo‘lovchi va ikki nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Biroq halokatdan bir necha soat o‘tib, faqat yetti nafar qurbonning jasadi topilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Ernandesning aytishicha, samolyot mahalliy futbol maydoniga qo‘nishga harakat qilgan, ammo yaqin atrofda joylashgan korxonaning metall tom qismiga urilib ketgan. Zarba oqibatida katta yong‘in chiqqan va yong‘in tez orada atrofdagi binolarga tarqalish xavfini keltirib chiqargan.
San-Mateo-Atenko shahri meri Ana Munis Milenio telekanaliga bergan intervyusida yong‘in sabab 130 nafarga yaqin aholi xavfsiz hududga evakuatsiya qilinganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, hodisa joyida o‘t o‘chirish va tezkor xizmatlar ish olib borgan.
Ayni paytda aviahalokat sabablari o‘rganilmoqda. Tergov doirasida texnik nosozlik yoki boshqa omillar ehtimoli ko‘rib chiqilmoqda.





