add

Messining tashrifi Hindistonda tartibsizliklar keltirib chiqardi

Bugun 12:273752 daqiqa

Hindistonning Kalkutta shahrida Lionel Messi bilan uchrashuv yomon tashkil etilgani sabab stadionda minglab muxlislar ishtirokida tartibsizliklar yuz berdi.

Messining tashrifi Hindistonda tartibsizliklar keltirib chiqardi

Kalkuttada argentinalik futbolchi Lionel Messiga 21,3 metrlik haykal o‘rnatilishi va muxlislar bilan uchrashishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq Vivekananda Yuvabharati Salt Lake Stadium arenasida futbolchining tijoriy safari doirasida o‘tkazilgan tadbir paytida ommaviy tartibsizliklar yuz berdi, deb yozmoqda India Today.

Ma’lum qilinishicha, sakkiz karra «Oltin to‘p» sohibi bilan uchrashuvni tomosha qilish uchun stadionga o‘n minglab muxlislar yig‘ilgan. Tadbirga kirish uchun eng arzon chipta narxi 5 ming hind rupiysini, ya’ni taxminan 55 AQSH dollarini tashkil etgan.

Muxlislar bir necha oy davomida kutayotgan uchrashuv kutilganidek o‘tmagan. Rejaga ko‘ra, Messi stadion bo‘ylab ramziy aylanma hosil qilib yurishi kerak edi, ammo u maydonga chiqishi bilan siyosatchilar, amaldorlar, mashhur shaxslar va jurnalistlar tomonidan o‘rab olingan. Kuchli tig‘izlik sabab xavfsizlik xizmati futbolchining muxlislar bilan bevosita muloqot qilishini cheklashga qaror qilgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, Messining maydonda uzoq qolmasligi haqida xabar tarqalgan. U maydonni atigi 10 daqiqa ichida tark etgani muxlislar noroziligini kuchaytirgan. Natijada, tribunalarda shisha idishlar uloqtirilgan, reklama bannerlari shikastlangan va xavfsizlik xizmatlari aralashishiga to‘g‘ri kelgan.

Futbolchi kuchaytirilgan qo‘riqlov ostida stadionni tark etgan. Keyinroq G‘arbiy Bengal shtati bosh vaziri Mamata Banerji yuzaga kelgan vaziyat uchun ham Messidan, ham muxlislardan rasman uzr so‘ragan. U tadbirni tashkil etishdagi kamchiliklar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishini ma’lum qilgan.

Lionel Messi «barcha davrlarning eng buyuk futbolchisi» deb nomlangan tijoriy tur doirasida Haydarobod, Mumbay va Dehli shaharlariga ham tashrif buyurishi kutilmoqda. Safar davomida uni «Inter Mayami»dagi jamoadoshlari Luis Suares va Rodrigo de Paul hamrohlik qilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid