Metan shoxobchalarida gaz narxi 5750 - 5800 so‘mgacha oshdi

Bugun 10:561 daqiqa

Metan narxi ayrim hududlarda 10 foizgacha oshdi. Energetika vazirligi VAQT.UZ'ga bu holat energiya resurslari tariflari oshirilgani bilan bog‘liqligini bildirdi.

Metan shoxobchalarida gaz narxi 5750 - 5800 so‘mgacha oshdi © Foto: Vaqt.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona vodiysi va Toshkent shahrining Bektemir tumanidagi ayrim metan shoxobchalarida gaz narxi 5 ming 700–5 ming 750 so‘mgacha ko‘tarilgani haqida xabarlar tarqaldi.

photo_2026-06-01_10-57-23

Manba: davletov.uz

Shuningdek, Jizzax viloyatidagi dovon hududida ham metan 5 ming 500 so‘mdan sotilayotgani aytilmoqda. Hatto narxlar ayrim hududlarda esa narxlar 5 ming 800 so‘mgacha yetgan.



Bungacha metanning chakana narxi aksariyat shoxobchalarda 5 ming 250 so‘m atrofida edi. Yangi narxlar esa hududlarga qarab 8,5–10 foiz atrofida o‘sganini ko‘rsatmoqda.

89c401cf-d16a-4223-8900-28fb78cc2725


Energetika vazirligi matbuot kotibi Dildora Xoshimovaning VAQT.UZ'ga ma’lum qilishicha, metan narxidagi o‘zgarishlar energiya resurslari tariflarining oshirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

«Tariflar oshgani hisobidan narxlar ham ko‘tarilgan. Metan shoxobchalari xususiy va tadbirkorlik subyekti hisoblanadi. Bugundan boshlab energiya resurslari tariflari ham yuridik, ham jismoniy shaxslar uchun oshirildi», — dedi vazirlik vakili.

Uning ta’kidlashicha, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyektlar bo‘lgani uchun chakana narxlarni belgilashda iqtisodiy omillardan kelib chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-iyundan boshlab AGTKSHlar uchun bir kub metr tabiiy gazning ulgurji narxi 2500 so‘mdan 2750 so‘mgacha oshirilgan edi. Shuningdek, 1-iyundan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining yangi miqdorlari ham kuchga kirdi.

Teglar