Migratsiya agentligi internetda tarqalgan ma’lumotlarga rasmiy munosabat bildirdi
Avvalroq xalqaro qidiruvga berilgan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sobiq mulozimi Azizbek Toshtemirov Migratsiya agentligining amaldagi rahbari Behzod Musayev va sobiq rahbari Afzal Irmatovni yirik korrupsiyada ayblayotganligi haqida xabar berilgandi.

Migratsiya agentligi idora rahbariyati va xodimlariga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ma’lumotlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
«So‘nggi vaqtlarda ayrim Telegram kanallari va boshqa internet resurslarida Migratsiya agentligi rahbariyati hamda xodimlariga nisbatan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, tekshirilmagan va bir tomonlama talqin qilingan ma’lumotlar tarqatilmoqda», — deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, mazkur holatlar bo‘yicha vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda va ekshiruv natijalariga ko‘ra barcha holatlarga huquqiy baho beriladi.
Shuningdek, agentlik fuqarolarni davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatiga oid har qanday ma’lumotlarni faqat rasmiy manbalar va ishonchli dalillarga asoslangan holda baholashga chaqirdi.
«Ayrim internet resurslari orqali shaxsiy ma’lumotlarni tarqatish, sha’n va qadr-qimmatga putur yetkazuvchi ma’lumotlarni e’lon qilish, shuningdek, jamoatchilikni chalg‘itishga qaratilgan harakatlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘riladi», — deyilgan agentlik rasmiy xabarida.
Shu bilan birga, Migratsiya agentligi o‘z faoliyatini ochiqlik, qonuniylik va javobgarlik tamoyillari asosida davom ettirishini hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda barcha holatlarga oydinlik kiritilishini ma’lum qildi.