
«Milliy bank» 1,9 trln so‘m sof foyda oldi
O‘zbekiston banklari 2025-yil uchun moliyaviy hisobotlarini e’lon qilishni boshladi. Bir necha yildan beri foyda bo‘yicha yetakchi — «Milliy bank» yilni o‘sish bilan yakunladi. Biroq, 2022-yilgi rekord yangilanmadi.

«Milliy bank» 2025 yilgi moliyaviy hisobotini e’lon qildi. Yil davomida bank 1 trln 919 mlrd so‘m sof foyda olgan. Bu 2024 yilga nisbatan 196,8 mlrd so‘mga yoki 11,6 foizga ko‘proq.
So‘nggi yillarda bankning foydasi quyidagicha:
2025 yil — 1,9 trln so‘m;
2024 yil — 1,7 trln so‘m;
2023 yil — 1,7 trln so‘m;
2022 yil — 2,4 trln so‘m;
2021 yil — 983 mlrd so‘m.
2022 yilda bank 2,4 trln so‘m bilan rekord darajada sof foyda olgandi. O‘sha yili Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush boshlanib, O‘zbekistonga ko‘plab rossiyalik ekspatlar ko‘chib kelgandi.
O‘tgan yili bankning foizli daromadlari 15,5 foizga ko‘payib, 17,5 trln so‘mni tashkil qildi. Foizsiz daromadlar esa 54 foizga ko‘tarilib, 11,4 trln so‘mga yetdi.
Bu «Milliy bank” faqat kredit foizlari bilan emas, balki xizmatlar orqali daromad olishni tezroq sur’atda ko‘paytirayotganini bildiradi. Bu esa allaqachon zamon talabiga aylanib bormoqda.
Bankning foizli xarajatlari 19,8 foizga o‘sdi va 11,8 trln so‘mga yetdi. Foizsiz xarajatlar 32 foizga ko‘payib, 1,2 trln so‘mni tashkil qildi.
Yil davomida «Milliy bank» xorijiy valutadan (asosan dollar) 1,6 trln so‘m foyda olgan, aksincha 570 mlrd so‘m zarar ko‘rgan.
Xodimlarning ish haqi va boshqa xarajatlari uchun 2025 yilda 1 trln 346 mlrd so‘m to‘langan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 18,7 foizga ko‘proq.
Boshqa banklar ham moliyaviy ko‘rsatkichlarini birin-ketin e’lon qilmoqda. «Tenge bank» yilni 54,9 mlrd so‘m (+51,6 foiz) foyda bilan yakunladi. «Madad Invest bank»ning sof foydasi esa 8,9 mlrd so‘mni (+27,3 foiz) tashkil qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilni «SQB» 1,88 trln, «Asia Alliance Bank» 505,6 mlrd, «Asakabank» 254,2 mlrd, «Agrobank» 97,7 mlrd, «Apex bank» 95,6 mlrd, «Hayot bank» 41,21 mlrd so‘m bilan yakulagan.
Shunga qaramay, ularning moliyaviy hisobotlari hozircha rasmiy ravishda e’lon qilinmagan.
Avvalroq O‘zbekistondagi banklar 2025 yilda rekord darajada foyda olayotgani haqida xabar berilgandi.
Teglar






