«Milliy bank» va «Solfy» platformasi o‘zaro sudlashmoqda

27.02.2026 | 15:201 daqiqa

«Solfy» investorlari «Milliy bank» raisi tomonidan tahdidlarga uchragani aytilmoqda.

«Milliy bank» va «Solfy» platformasi o‘zaro sudlashmoqda

2026 yil 24-fevral kuni Londonda joylashgan «Amsterdam & Partners» LLP «Milliy bank» va «Solfy» platformasi o‘rtasida yuzaga kelgan shartnomaviy nizoda «Solfy» platformasi hamda uning asosiy investori Maksim Poletaev manfaatlarini himoya qilishini ma’lum qildi.

«Ikki tomon o‘rtasidagi biznes munosabatlarining buzilishi ortidan janob Poletaev va uning sheriklari NBU vakillari tomonidan jiddiy tahdidlarga duch kelishdi», — deyiladi «Amsterdam & Partners» ma’lumotlarida.

«Amsterdam & Partners» LLP London va Vashingtonda joylashgan, siyosiy va xalqaro himoya ishlariga ixtisoslashgan yuridik firma hisoblanadi. Kompaniya bayonotida ish tafsilotlari ochiqlanmagan.

Hozircha «Milliy bank» tomonidan mazkur bayonotga rasmiy munosabat bildirilgani haqida ma’lumot berilmagan.

Ma’lumot uchun: «Milliy bank» va «Solfy» ma’lum davr mobaynida hamkorlik qilib, «Solfy» sodiqlik dasturini joriy etgan edi. Ikki tomon o‘rtasidagi sheriklik 2021 yilda boshlangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi O‘zbekiston bozori uchun innovatsion bo‘lib-bo‘lib to‘lash kartasini ishga tushirishdan iborat edi.

Loyiha o‘zaro manfaatli, «win-win» tamoyili asosida qurilgan hamkorlik sifatida baholangan. Rejaga ko‘ra, «Solfy» zamonaviy texnologik yechimlar va xalqaro tajribani taqdim etishi, «Milliy bank» esa mahalliy infratuzilma, bozor sharoiti va tartibga solish masalalarida amaliy ko‘mak ko‘rsatishi kutilgan. Ayni vaqtda platforma nomini «Sabzi»ga o‘zgartirilgan holda ishlamoqda.

Teglar

Mavzuga oid