add

Moskva va Kiyev maxfiy aloqa kanallarini saqlab qolganmi?

11.12.2025 | 21:2111402 daqiqa

Urush davom etayotganiga qaramay, Kiyev va Moskva oligarxlar, gumanitar kanallar va diplomatik vositachilar orqali aloqani to‘xtatmagani ma’lum bo‘ldi.

Moskva va Kiyev maxfiy aloqa kanallarini saqlab qolganmi?

2022 yil 24-fevralda Rossiya Ukrainaga hujum boshlaganida, Kiyev Moskva bilan barcha diplomatik munosabatlarni darhol uzgan edi. Rasmiy kanallar yopilgan bo‘lsa-da, ikki davlat o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yo‘qolmadi. Kiyev Independent yozishicha, gumanitar maqsadlardagi aloqalar, yashirin muzokara yo‘llari va turli vositachilar orqali xabar almashish muntazam davom etmoqda.

Ukrainalik siyosatshunoslar fikricha, Rossiya bilan munosabat qanchalik keskin bo‘lmasin, minimal darajada bo‘lsa ham muloqot zarur. Ukraina parlamentining xalqaro ishlar qo‘mitasi rahbari Aleksandr Merejko tarixiy misolni keltirib, Vietnam urushi chog‘ida ham AQSH va Shimoliy Vietnam Parijda yashirin kanalni saqlaganini eslatadi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi esa yagona rasmiy kanal sifatida Belarusdagi elchixona orqali amalga oshiriladigan texnik masalalarni tan oladi. Biroq ekspertlar gumanitar yo‘nalish doim faolligini yo‘qotmaganini ta’kidlaydi.

Yozilishicha, yashirin aloqalar 2022 yil mart oyidayoq boshlangan. O‘sha paytda Ukraina va Rossiya delegatsiyalari avval Belarusda, keyin Turkiyada uchrashgan. Istanbul hozirgacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkaziladigan asosiy maydon hisoblanadi. Oraliqda rossiyalik milliarder Roman Abramovich ham vositachi sifatida ko‘ringan. U muzokaralar tayyorlovida ishtirok etgan, Kremlga xabarlar yetkazgan, 2023 yildan esa uning ishtiroki gumanitar masalalar, jumladan don koridori ishiga yordam berish bilan bog‘liq bo‘lgan.

2025 yildagi navbatdagi muzokaralar oldidan Abramovichning Moskvada paydo bo‘lishi yana qiziqish uyg‘otdi. Rasman u madaniy tadbirda qatnashgan bo‘lsa-da, manbalar bu tashrifning boshqa maqsadlari bo‘lganini ham aytishmoqda.

Shu bilan birga, Ukraina harbiy razvedkasi tomonidan barpo etilgan yana bir muhim kanal — asirlarni almashish bo‘yicha gumanitar yo‘nalish — faol ishlagan. U tasodifan boshlangan: ukrain ofitseri Dmitriy Usov halok bo‘lgan rossiyalik askar telefoni orqali GRU ofitseri Aleksandr Zorin bilan bog‘langan. Keyinchalik Turkiya, Qatar va Saudiya Arabistoni bu jarayonga qo‘shilib, yirik almashuvlarni amalga oshirish imkonini berdi.

2025 yilda Istanbul vositachiligida yana bir rasmiy muloqot kanali ochildi. Ukraina bu muzokaralarga mudofaa vaziri Rustem Umerovni tayinladi, Rossiya esa prezident yordamchisi Vladimir Medinskiyni chiqardi. Ikki mamlakat rahbarlari Umerov va Medinskiy aloqada ekanini tasdiqlagan.

Hozirda bu kanalning faolligi noma’lum. Ukraina har qanday shunga o‘xshash kontaktlar haqida ommaga oshkor ma’lumot berishini ta’kidlamoqda. Shunga qaramasdan, ekspertlar Kiyev va Moskva rasmiy munosabatlar uzilganiga qaramay, yashirin muloqotni saqlab qolayotganini e’tirof etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid