
«Mubashshir Ahmad sog‘lig‘idagi muammo tufayli jazoni o‘tay olmaydi» – advokat
Alisher Tursunovning himoyachilaridan biri Feruz Abrayevning Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, Mubashshir Ahmadning oyoqlari shishib ketib, tanasida har xil yaralar paydo bo‘layotganiga qaramay, g‘isht zavodiga majburiy ishga olib chiqilmoqda.
Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunov 2025 yil 8-oktabr kuni 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
Shundan so‘ng, Mubashshir Ahmad sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati bermaslikka qaror qilgan. U ayni vaqtda Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanida joylashgan IIV huzuridagi Jazoni ijro etish Departamentiga qarashli 5-sonli Jazoni ijro etish koloniyasida o‘tamoqda.
Tursunovning advokati Abdulloh Sodiqning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, mijozining salomatligi yaxshi emas. Xususan, u tergov va sud jarayonlarida ham «bir necha marotaba himoya ostidagi shaxsning qandli diabet kasalligining II turi bilan ancha yillardan buyon og‘rib kelishi»ni aytib, iltimosnomalar kiritgan. Biroq ehtiyot chorasi va jazo tayinlash masalasida ushbu holatlar inobatga olinmagan. Ma’lum bo‘lishicha, Alisher Tursunovda salomatlik bilan bog‘liq muammolar turmada ham davom etmoqda.
26-noyabr kuni Alisher Tursunov bilan advokatlar bevosita 5-sonli JIEKda uchrashgan vaqtida, uning qon bosimi bir necha marotaba 180 mmdan oshganligi, qandli diabet kasalligi natijasida buyraklari yaxshi ishlamayotganligi, oyoqlari shishib ketganligi va boshqa shu kabi hamroh kasalliklari sog‘ligi va hayotiga jiddiy xavf tug‘dirayotganligi ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek ushbu fakt advokatlik so‘roviga IIV JIED tomonidan taqdim etilgan xatda ham o‘z tasdig‘ini topgan.

JIED 5-sonli Jazoni ijro etish koloniyasi tomonidan advokatlarga berilgan javob xati
Xatda Alisher Tursunov Qandli diabet II tipi va unga yo‘ldosh kasalliklar tashxisi bilan noyabr oyining o‘zida 3 marotaba ambulator tartibda davo muolajalarini olib kelgani yozilgan. Xususan:
5-6-noyabr kunlari – «Qandli diabet II tip. Chap oyoq artrozi» tashxisi bilan;
10-14-noyabr kunlari – «Yuqori nafas yo‘llari katari. O‘ng oyoq I barmoq panaritsiyasi» tashxisi bilan;
24-30-noyabr kunlari – «Qandli diabet II tip, insulinga muhtoj turi, YIK stabil stenokardiya FS II. GK II. AG II. Xavf IV.» tashxisi bilan» ambulator tartibda davo muolajalarini olib kelgan, deb ko‘rsatilgan.
Advokat Abdulloh Sodiqning ma’lum qilishicha, Departament boshlig‘i o‘rinbosari va tibbiy xizmat boshlig‘i advokatlarga Alisher Tursunov sog‘ligi borasida noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etgan. Xususan, 2025 yil 26-dekabr kuni advokatlar Alisher Tursunov bilan takroran uchrashganida, u xatda ko‘rsatilgan muolajalarning birortasini olmagani, uni faqat tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishgani, lekin yotib davolanmagani, dori vositalari bilan ta’minlanmagani, shuningdek oddiy dam olishga ham ruxsat yo‘qligini ma’lum qilgan.
«Qolaversa, jazoni o‘tash davomida A.Tursunov Qiziltepa tumanida joylashgan g‘isht zavodlarining birida majburiy tarzda ishlashga chiqarilmoqda. Alisher Tursunov sog‘ligining shunday bir yomon holatida 16 soatlab tik oyoqda ishlashga va yurishga majburlanmoqda Alisher Tursunovning sog‘ligi yaxshi emasligi, qandli diabet kasalligi qiynayotganligi, oyoqlari shishib ketib, buyragi yaxshi holatda emasligi, tanasida har-xil yaralar paydo bo‘layotganligini ko‘ra-bila turib, uni og‘ir va sovuq ob-havoda mehnat qilishga jalb etishdan maqsad nima?», deydi advokat Abdulloh Sodiq.
2025 yil 28-oktabr kuni joylashtirilgan (etap qilingan) mahbusning 1 oy ichida 3 marotaba davolangani, qandli diabet, artroz, stenokardiya va boshqa shu kabi hamroh kasalliklar bilan og‘rishi ushbu shaxsni ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazoni o‘tay olmasligini anglatadi, deydi advokat.
Shuningdek, Alisher Tursunov advokatlar bilan suhbatda «2026 yilning 11-martida qonun bo‘yicha jazoning 3/1 qismini o‘tab bo‘lganligi sababli manzil-koloniyaga o‘tkazilishi kerakligini aytgan. Lekin, u o‘ziga har-xil tazyiqlar o‘tkazilib, arzimas narsa bilan qoidabuzarlik rasmiylashtirib, o‘tkazilishini kechiktirishga harakat bo‘lishidan» xavotirlanmoqda.
Bundan tashqari, Alisher Tursunov muassasa xodimlari tomonidan unga nisbatan boshqa mahbuslar qatori bir xil munosabat bo‘lmayotganligini aytgan.
«Bir misol: kimdir oddiy shamollash bilan og‘risa, 5-6 kunlab tibbiy punktda davolanib chiqadi. Biroq uning shuncha kasalligi bo‘lsa-da, oyoqlari shishib ketgan hamda oyog‘idagi yaralar qorayib, gangrena kasalligiga qarab ketayotgan, bir so‘z bilan aytganda ahvoli kritik darajada bo‘lsada davolanishga ruxsat yo‘q. Faqat ishga chiq deb majburlashadi», dedi uning himoyachisi.
Shu bilan birga Alisher Tursunov oyoqlari va undagi yaralar og‘riyotganligi haqidagi shikoyatlari e’tiborsiz qolayotganligini, faqat og‘riq qoldiruvchi ukol qilayotgani va vaqtinchalik choradan keyin baribir yurishga qiynalayotganini, advokatlari bilan kamroq uchrashish uchun bosimlar bo‘layotganini aytgan.
Shuningdek Vaqt.uz Alisher Tursunovning suddagi himoyachilaridan yana biri Feruz Abrayev bilan bog‘landi. Advokatnang ma’lum qilishicha, advokatlar jamoasi himoyasi ostidagi shaxsning buzilayotgan huquqlari yuzasidan shaxsan Ichki ishlar vaziri qabulida ham bo‘lishgan. Shuningdek, Bosh prokuratura va boshqa tashkilotlarga arizalar kiritilgan. Bundan tashqari, sudga yaqin kunlarda kassatsiya tartibida ariza kiritish masalasi ham ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 75-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, «hukm chiqarilganidan keyin …jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan boshqa og‘ir kasallikka chalingan shaxs jazoni o‘tashdan ozod qilinishi lozim».
Ushbu moddaga muvofiq tushadigan kasalliklar «Og‘ir kasallikka chalingan mahkumlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va ularni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish qoidalarini tasdiqlash haqida»gi IIV va SSVning qo‘shma qarorida keltirilgan.
Xususan, diniy ulamo Mubashshir Ahmadga aniq tashxis qo‘yilgan «Qandli diabet II tipi» – qo‘shma qarordagi «Mahkumlarni kasalligi tufayli jazoni o‘tashdan ozod qilishga taqdim etish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar» ro‘yxatida mavjud.
Avvalroq, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Salim Abduvaliyev ham sog‘lig‘i sabab Jinoyat kodeksining 75-moddasi asosida jazodan ozod qilingandi.





