Logo

Neft giganti bo‘lgan Rossiya yoqilg‘isiz qolmoqda

Yoqilg‘i savdosiga cheklovlar Rossiyaning har to‘rtinchi hududiga yoyildi. Muammoni hal qilish uchun hatto import varianti ham ko‘rib chiqilyapti.

Neft giganti bo‘lgan Rossiya yoqilg‘isiz qolmoqda

Rossiyada yoqilg‘i bozoridagi muammolar tobora kuchaymoqda. Ukraina hujumlari ortidan neftni qayta ishlash zavodlari faoliyati izdan chiqqani sababli benzin va dizel ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. 24-iyun holatiga ko‘ra, mamlakatning 22 ta hududida yoqilg‘i sotuviga rasmiy cheklovlar joriy etilgan. Bu mamlakatdagi har to‘rtta hududdan birida yoqilg‘i sotib olish muammoga aylanganini anglatadi.

Cheklovlar Bryansk, Kursk, Belgorod, Voronej, Volgograd, Nijniy Novgorod, Saratov va boshqa qator oblastlarni qamrab olgan. Sibirda esa Xanti-Mansi avtonom okrugi, Tyumen, Omsk va Novosibirsk kabi yirik neft hududlarida ham limitlar amal qilmoqda.

Bundan tashqari, Shimoliy Osetiya va Adigeyada ham cheklovlar o‘rnatilgan. Anneksiya qilingan Qrim va Sevastopolda yoqilg‘i savdosi vaqtincha to‘xtatilgan. Lugansk hududida esa bir xaridorga 20 litrdan ortiq yoqilg‘i sotish taqiqlangan.

Zaxiralar ishga tushdi

Hududlar rasmiylari bu choralarni talabning ortgani, logistika muammolari, birja narxlarining ko‘tarilishi va bozorning ayrim ishtirokchilari yuzaga kelgan sarosimadan foydalanib qolishga urinayotgani bilan izohladi. Cheklovlar hali rasman tasdiqlanmagan Orlov viloyati gubernatori vaziyatni pandemiya davridagi grechka va hojatxona qog‘ozini ommaviy ravishda sotib olish vahimasiga qiyoslagan.

23-iyun kuni Rossiya prezidenti ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novak yoqilg‘i bozoridagi vaziyatni «murakkab, ammo nazorat ostida» deb baholadi. Uning aytishicha, hukumat avval hech qachon foydalanilmagan zaxiralarni ishga solishga majbur bo‘lgan.

Shuningdek, neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqarish quvvatlari oshirilgan, ta’mirlash ishlari qisqartirilgan va rejali profilaktika kechiktirilgan. Hukumat benzin va aviayoqilg‘i eksportini taqiqlab, dizel eksportini ham cheklash masalasini ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, rasmiylar xorijdan benzin sotib olish hajmini oshirishni rejalashtirmoqda.

Qayd etilishicha, Rossiya allaqachon Belarusdan yoqilg‘i sotib olmoqda, biroq bu ham zarur ehtiyojni qoplash uchun yetarli bo‘lmagan.

Ishlab chiqarish hajmi yetmayapti

«Reuters» agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozir Rossiyada benzin ishlab chiqarish ichki talabning taxminan 80 foizinigina qoplamoqda.

Ukraina qurolli kuchlari iyun oyida Moskva, Nijnekamsk, Tyumen va Volgograddagi zavodlarga, may oyida esa yana 16 ta neftni qayta ishlash korxonasiga hujum qilingan. Natijada benzin ishlab chiqarish hajmi qariyb 25 foizga qisqarib, kuniga 85 ming tonnaga tushib ketgan. Shu bilan birga, yoz mavsumida mamlakat iqtisodiyotining kunlik ehtiyoji 110 ming tonna atrofida baholanmoqda.

«Energy Intelligence» tahlilchilarining fikricha, energetika infratuzilmasiga qilingan zarbalar Rossiyani tarixdagi eng og‘ir yoqilg‘i inqirozlaridan biri tomon yetaklamoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Neft giganti bo‘lgan Rossiya yoqilg‘isiz qolmoqda | Vaqt.uz