Noyabrdan tadbirkorlar elektr va gaz uchun 15 foiz avans to‘laydi
Noyabrdan ayrim tadbirkorlar uchun elektr va gaz bo‘yicha avans to‘lovi 15 foizgacha kamaytiriladi. Hisobot va shartnoma jarayonlari ham soddalashtiriladi.
© Foto: DepositphotosO‘zbekistonda ayrim tadbirkorlar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha avans to‘lovi 15 foizgacha kamaytiriladi. Yangi tartib 2026 yil 1-noyabrdan kuchga kiradi.
Bu o‘zgarish elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari 15 foizga arzonlashadi, degani emas. Ya’ni tadbirkorlar foydalanadigan elektr yoki gazning narxi o‘zgarmaydi. O‘zgarish to‘lovni oldindan amalga oshirish tartibiga taalluqli.
Kimlar yangi tartibdan foydalanishi mumkin?
Avans to‘lovini 15 foizgacha kamaytirish imkoniyati barcha tadbirkorlarga avtomatik ravishda berilmaydi.
Buning uchun korxonada elektr va gaz iste’molini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlari mavjud bo‘lishi kerak. Shuningdek, hisoblagichlar elektr energiyasi yoki gazni masofadan turib o‘chirish va yoqish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.
Bundan tashqari, tadbirkor so‘nggi ikki oy davomida to‘lov intizomini buzmagan bo‘lishi kerak.
Bu amalda nimani anglatadi?
Masalan, tadbirkorning bir oyda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun xarajati 100 mln сўмни tashkil etsa, yangi tartib bo‘yicha u avans sifatida 15 mln so‘mgacha to‘lashi mumkin.
Muhimi, bu 100 mln so‘mlik xarajat 85 mln so‘mga kamayadi, degani emas. Tadbirkorning amaldagi iste’moli uchun hisoblangan umumiy summa o‘zgarmaydi. Faqat uni oldindan to‘lash talabi kamayadi.
Shu sababli yangi tartib tariflarni pasaytirishga emas, balki tadbirkorlarning aylanma mablag‘larini oldindan to‘lovga bog‘lab qo‘yishni kamaytirishga qaratilgan.
Hisobot va shartnomalarda ham o‘zgarish bo‘ladi
Yangi tartib bilan tadbirkorlar elektr va gaz sarfi bo‘yicha yozma hisobotlarni hududiy ta’minot tashkilotlariga taqdim etishdan ozod qilinadi.
Shuningdek, elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha shartnomalarni qog‘oz shaklida rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechilib, elektron shaklga o‘tiladi.
Demak, 1-noyabrdan joriy etiladigan asosiy o‘zgarishlar — avans to‘lovini kamaytirish, hisobotlarni soddalashtirish va shartnomalarni elektronlashtirish.


