Odamlar kartadan-kartaga ko‘proq necha pul o‘tkazmoqda?

25.02.2026 | 15:103 daqiqa

Karta orqali P2P o‘tkazmalar asosan kundalik hisob-kitoblar va o‘zaro to‘lovlar uchun qo‘llanilgan. Ayrim banklar P2P o‘tkazmalari uchun foizsiz limitlar ham taqdim etmoqda.

Odamlar kartadan-kartaga ko‘proq necha pul o‘tkazmoqda?

Markaziy bank 2025 yilda kartadan-kartaga o‘tkazilgan P2P operatsiyalarining tranzaksiyalar tarkibi bo‘yicha ma’lumot taqdim etdi. Unga ko‘ra, kartalar o‘rtasidagi o‘tkazmalarning asosiy qismi kichik va o‘rta miqdordagi tranzaksiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

photo_2026-02-25_15-03-10

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, barcha P2P tranzaksiyalarning 46,1 foizi 1 mln so‘mgacha bo‘lgan o‘tkazmalardan iborat, ya’ni yil davomida amalga oshirilgan har ikkinchi o‘tkazma kichik summaga to‘g‘ri keladi.

1–5 mln so‘m oralig‘idagi o‘tkazmalar ulushi 16,8 foizni, 5–10 mln so‘m miqdoridagi o‘tkazmalar esa 8,6 foizni tashkil etgan.

Shu tariqa, 10 mln so‘mgacha bo‘lgan operatsiyalar jami tranzaksiyalarning 71,5 foizini qamrab olgan.

Bu ko‘rsatkichlar P2P o‘tkazmalar asosan kundalik hisob-kitoblar, shaxsiy o‘zaro to‘lovlar va maishiy xarajatlar uchun amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.

Ayni paytda, 50-100 mln so‘mgacha bo‘lgan jami tranzaksiyalarning 5,4 foizini, 100-200 mln so‘mgacha bo‘lganlar 3,2 foizini, 200-500 mln so‘mgacha bo‘lganlar 1,4 foizini, 500 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan yirik o‘tkazmalar esa atigi 0,2 foizini tashkil etgan. Bu esa kartalar o‘rtasidagi operatsiyalarda yirik summalar ulushi juda past ekanini anglatadi.

Markaziy bank hozircha 2025 yildagi Me2Me (o‘ziga o‘zi o‘tkazish) o‘tkazmalaridagi tranzaksiyalar tarkibi haqida ma’lumot bermagan. 

Iqtisodchi Otabek Bakirov Me2Me o‘tkazmalari statistikasini ham ochiqlanishini so‘rab: «Umid qilamizki, bu raqamlar P2P operatsiyalarni cheklash va soliq ma’murchiligiga tortish uchun asos bo‘lib xizmat qilmaydi. Zero tranzaksiyalarning yetarlicha katta qismini to‘lovlar emas, o‘ziga o‘zi o‘tkazmalar (Me2Me) ham egallaydi», — deydi. 

O‘zbekistonda operatsiyalar asosan Uzcard va Humo to‘lov tizimlari orqali o‘tadi. Agar Me2Me turli bank yoki turli tarmoq o‘rtasida amalga oshirilsa, u texnik jihatdan P2P sifatida qayta ishlanishi mumkin.

«Banklar va to‘lov tashkilotlari o‘rtasida raqobatni kuchaytirish va tranzaksion xarajatlarni qisqartirishda Me2Me operatsiyalarining mutlaqo bepul bo‘lishi favqulodda muhim ahamiyatga ega», — deydi Bakirov.

Kartadan kartaga pul o‘tkazish narxi qanday? 

O‘zbekiston banklari va to‘lov tashkilotlarining aksariyati P2P o‘tkazmalari uchun 1 foizlik komissiya oladi. 

Shunga qaramay, ko‘plab bank ilovalarida Humo kartalariaro pul o‘tkazmalar foizsiz amalga oshiriladi. 

Bank o‘z kartalari orasidagi o‘tkazmalar ham aksariyat banklarning ilovasida foizsiz yoki kam foiz bilan amalga oshiriladi.

Bir nechta bank ilovalari doimiy ravishda oylik limit bilan ma’lum bir summani foizsiz o‘tkazish imkoniyatini yaratgan. 

Quyidagi bank ilovalari orqali foizsiz pul o‘tkazmalarini amalga oshirish mumkin:

—«Asia Alliance Bank»ning «Aliance Pay» ilovasi orqali 10 mln so‘mgacha;

— «Biznesni rivojlantirish banki»ning «BRB» ilovasi orqali  5 mln so‘mgacha; 

— «Mikrokreditbank»ning «Mavrid» ilovasi orqali 5 mln so‘mgacha;

— «Hamkorbank»ning «Hamkor» ilovasi orqali 5 mln so‘mgacha;

— «Open bank» ilovasi orqali 5 mln so‘mgacha;

— «SelloPay» ilovasi orqali 5 mln so‘mgacha;

— «Davrbank»ning «Davr Mobile2.0» ilovasi orqali 3,5 mln so‘mgacha;

— «Turonbank»ning «MyTuron» ilovasi orqali 3 mln so‘mgacha;

— «Milliy bank»ning «Milliy» ilovasi orqali 3 mln so‘mgacha bo‘lgan o‘tkazmalarini foizsiz amalga oshirish mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

Odamlar kartadan-kartaga ko‘proq necha pul o‘tkazmoqda? | Vaqt.uz