Olis hududlarda xususiy klinika ochganlar uchun imtiyozli kredit ajratiladi

Bugun 10:552 daqiqa

O‘zbekistonda olis hududlarda yangi xususiy klinikalar ochish uchun 200 million dollarlik imtiyozli kredit resursi ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Olis hududlarda xususiy klinika ochganlar uchun imtiyozli kredit ajratiladi

O‘zbekistonda olis hududlarda zamonaviy xususiy klinikalar tarmog‘ini kengaytirish uchun 200 million dollarlik imtiyozli kredit resursi ajratilishi kutilmoqda. Bu haqda 1-may kuni Prezident sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan tanishgan taqdimotda ma’lum qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyihalarni moliyalashtirish doirasida har bir tashabbuskorga 10 yilgacha muddatga 10 million dollargacha kredit ajratish ko‘zda tutilgan. Bu esa hududlarda xususiy tibbiyot xizmatlari qamrovini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilishi aytildi.

Shu bilan birga, kredit foiz stavkasining yarmi davlat tomonidan kompensatsiya qilinishi rejalashtirilgan. Bu mexanizm investorlar uchun moliyaviy yukni kamaytirishga qaratilgan.

Imtiyoz va yengilliklar

Yig‘ilishda sohaga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun qator soliq imtiyozlari ham taklif etildi. Xususan, ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanishi mumkin.

Bundan tashqari, tibbiy uskunalar va ularning butlovchi qismlarini import qilishda bojxona imtiyozlari joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu esa klinikalarni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash jarayonini arzonlashtiradi.

Shu orqali tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va aholi uchun zamonaviy diagnostika hamda davolash imkoniyatlarini yaratish maqsad qilingan.

Taqdimotda tibbiyot va farmatsevtika sohasiga investitsiyalarni jalb qilishning yangi tizimi ham muhokama qilindi. Unga ko‘ra, maxsus agentlik tashkil etilib, investorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tizimli ravishda shakllantirish va ilgari surish mexanizmlari joriy etilishi kutilmoqda. Agentlik huzurida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashuvchi «Health Invest» kompaniyasi tashkil etiladi.

Yig‘ilishda davlat tibbiyot muassasalarini korporativ boshqaruv asosida transformatsiya qilish, shuningdek, xalqaro standartlarga mos shaharsozlik va sanitariya qoidalarini joriy etish bo‘yicha takliflar ma’qullandi.

Teglar

Mavzuga oid