
Olmaliq kombinatida yangi metallurgiya majmuasi barpo etiladi
2026-yilda O‘zbekiston sanoatida kimyo, metallurgiya va boshqa tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari boshlanib, eksport 40 mlrd dollarga yetkaziladi.

2026 yildan O‘zbekiston sanoatida qator strategik yirik loyihalarni amalga oshirish boshlanadi. Ular iqtisodiyotning bazaviy tarmoqlarini chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish hamda eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan.
Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida qiymati 2 milliard 700 million dollar bo‘lgan yangi metallurgiya majmuasini barpo etish rejalashtirilgan. Loyiha quvvati yiliga 300 ming tonna mis katodini ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Ushbu majmua misni chuqur qayta ishlashni kengaytirish orqali eksportbop mahsulotlar hajmini oshirish imkonini beradi.
Kimyo sanoatida ham yirik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Samarqand kimyo zavodida 381 million dollar investitsiya hisobiga yiliga 370 ming tonna fosforli va 540 ming tonna murakkab o‘g‘itlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu qishloq xo‘jaligi uchun mahalliy o‘g‘itlar ta’minotini sezilarli darajada yaxshilashi kutilmoqda.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida 200 million dollarlik yangi kimyo zavodi qurilishi boshlanadi. Loyiha doirasida maishiy kimyo, polimer va sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan yiliga 50 ming tonna alkilbenzol mahsuloti olish imkoniyati yaratiladi.
Umuman olganda, 2026 yilda kimyo sanoatida 4,5 milliard dollarlik yangi loyihalar start oladi. Tog‘-kon metallurgiya, neft-gaz, avtomobilsozlik, to‘qimachilik va qurilish materiallari tarmoqlarining har birida 3 milliard dollardan, elektronika va elektrotexnika sohasida 2 milliard dollarlik, farmatsevtika tarmog‘ida esa 800 million dollarlik yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar natijasida 2026 yilda mamlakatning umumiy eksport hajmini 40 milliard dollarga yetkazish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlar ulushini esa 55 foizdan oshirish maqsad qilingan. Bu iqtisodiyotni xomashyoga qaramlikdan bosqichma-bosqich ozod qilish yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.





