add

Oltin yana rekordni yangiladi

Bugun 12:552 daqiqa

O‘zbekistonda 100 g ko‘rinishidagi oltin quymalari narxi 184 mln so‘mdan oshdi.

Oltin yana rekordni yangiladi

Markaziy bank 13-yanvar uchun oltin quymalarining sotish va qaytarib sotib olish narxlarini e’lon qildi

Bir kun ichida quymalar narxi 2,3 foizga ko‘tarildi. Ularning 1 g uchun narxi 1 mln 843 ming so‘mdan belgilandi. 100 g ko‘rinishidagi oltin quyma banklarda 184,3 mln so‘mdan sotilmoqda. 

Quymalarning sotish va sotib olish narxi o‘rtasidagi farq 3,9 foizdan 4,9 foizgacha bo‘lmoqda. Regulyator narxlarni kun davomida qayta ko‘rib chiqishi mumkin. 

Jahon bo‘yicha oltin narxi so‘nggi 24 soat ichida troya unsiyasida 4 630 dollardan oshib, tarixiy rekordni yangiladi. Narx ko‘tarilishiga AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan Federal rezerv tizimi raisi Jerom Pauyellga nisbatan jinoiy tergov ochilgani haqidagi xabarlar sabab bo‘ldi.

Pauyell video murojaat qilib, jinoiy ayblovlarga Federal rezerv prezident xohishlariga amal qilmagani sabab bo‘layotganini aytgandi. Buning ustiga Donald Tramp Eron bilan savdo qiladigan davlatlarga 25 foiz tariflar joriy etilishi haqida gapirdi. 

Bu xabarlar fonida investorlar tomonidan oltinga xavfsiz aktiv sifatida talab doimgidek ortmoqda. 

2025 yil davomida oltin bir necha bor tarixiy rekordlarni yangiladi. Jahon bo‘yicha narxlar 70 foizdan ko‘proq oshgan bo‘lsa, oltin quymalari ham o‘sishda davom etdi va jozibador sarmoya vositasiga aylandi. 

2026 yil narx qanday bo‘ladi? 

Oltin narxi aksariyat tahlilchilar tomonidan 2026 yilda ham o‘sishi kutilmoqda. JP Morgan tahlilchilari keyingi yil oxirida oltinni 5 200—5 300 dollar atrofida bo‘ladi deb kutmoqda. Goldman Sachs prognozi esa 4 900 dollar atrofida. 

Ushbu kutilmalar amalga oshadigan bo‘lsa, 100 gr ko‘rinishidagi oltin quyma narxi 2026 yilda 200 mln so‘mdan oshadi. Bu esa unga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirishi kutilmoqda. 

Markaziy bank oltin narxi 2026 yilga kelib 4 000 dollar atrofida bo‘lishini prognoz qilgandi. Vaziyatga qarab narx 5 500 dollargacha chiqishi yoki 2 500 dollargacha arzonlashi ham mumkin.

Oltinga O‘zbekiston sharoitida qanday qilib investitsiya kiritish haqida bu yerda o‘qish mumkin.


Teglar

Mavzuga oid