
Onlayn to‘lov ilovalariga kirish talablari kuchaytiriladi
Yangi talablar onlayn firibgarlik xavfini kamaytirish va foydalanuvchilarning moliyaviy xavfsizligini oshirishga qaratilgan.

O‘zbekistonda banklar hamda onlayn to‘lov mobil ilovalari orqali amalga oshiriladigan operatsiyalar uchun xavfsizlik talablari kuchaytirildi. Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan tegishli nizom onlayn firibgarlikka qarshi qo‘shimcha cheklovlar joriy etilishini nazarda tutadi. Yangi qoidalar «Click», «Paynet», «Uzumbank» kabi mobil to‘lov xizmatlariga ham taalluqli.
Akkaunt va shaxsni aniqlash talablari
Nizomga muvofiq, mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi akkauntiga faqat o‘ziga yoki yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan bank hisobvarag‘i, bank kartasi va elektron hamyonlarni biriktirishi mumkin.
Shuningdek, ushbu akkaunt orqali P2P o‘tkazmalarini amalga oshirish ham shu cheklovlar asosida ruxsat etiladi. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida foydalanuvchining telefon raqami bilan JSHSHIR'i mos kelishi tekshiriladi va moslik aniqlanmagan taqdirda akkaunt ochish yoki bank kartasini biriktirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kredit va to‘lov tashkilotlari biometrik identifikatsiya jarayonida hayotiylik faktorlarini aniqlashi shart. Ya’ni faqat surat orqali shaxsni tasdiqlash imkoniyati istisno qilinadi, bu esa soxta akkauntlardan foydalanish xavfini kamaytirishga qaratilgan.
Kirish, tasdiqlash va qurilmani almashtirish
Yangi qoidalarga ko‘ra, telefonga yuborilgan bir martalik SMS-kod uch marta noto‘g‘ri kiritilgan taqdirda, foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari 15 daqiqaga vaqtincha cheklanadi.
Agar akkauntga boshqa qurilmadan kirish yoki parolni qayta tiklash amalga oshirilsa, ushbu akkauntga bog‘langan barcha bank kartalari avtomatik tarzda mobil ilovadan chiqarib yuboriladi. Bundan tashqari, mazkur qurilmada bank kartalari bo‘yicha moliyaviy operatsiyalar tarixi ham o‘chiriladi.
Shu bilan birga, bank kartalarini mobil ilovalarga qayta biriktirish faqat biometrik identifikatsiyadan o‘tgan holda amalga oshirilishi belgilandi. Bu talablar foydalanuvchilar mablag‘larini himoya qilish va onlayn to‘lovlarda xavfsizlik darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq onlayn kredit firibgarligi qurbonlari jabrlanuvchi deb topilsa, ulardan qarz va foizlarni undirish bekor qilinishi haqida xabar bergandik.





