O‘qituvchilarga imtiyoz: va’dalar nega qarorda qisqarib ketdi?

Kecha 21:533 daqiqa

Pedagoglarga va’da qilingan imtiyozlar qarorga kelganda qisqarib, eng zarur xizmatlar ro‘yxatdan chetda qoldi. Vaqt.uz muxbiri vazirlikdan bu holat yuzasidan izoh so‘radi.

O‘qituvchilar 2025 yil 15-sentabrda davlat rahbari tomonidan va’da qilingan imtiyozlarning kechikkani va ularning qarorda kuchga kirguncha qisqarib ketgani haqida yozgan edik.

O‘shanda 2026 yildan boshlab quyidagi imtiyozlar berilishi va’da qilingan edi:

— kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab berilishi;
— davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma berilishi;
— o‘qituvchilar uchun komputer xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilishi;
— pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi ikki karra kamaytirilishi;
— boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun milliy sertifikat tizimi joriy qilinishi va unga ustama to‘lanishi;
— imtiyozli diplom bilan ishga kirganlarga avtomatik malaka toifasi berilishi;
— TOP-300 oliygohlarga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli kredit ajratilishi;
— eng yaxshi ta’lim muassasalari pedagoglariga transport chiptalarida 15–20 foiz chegirma berilishi.

Nega imtiyozlar qisqarib ketdi?

«Vaqt.uz» 21-aprel kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aynan Prezident va’da qilgan imtiyozlarning nima sababdan qisqargani va davlat xizmatlari ro‘yxati nega cheklangani yuzasidan savol bilan murojaat qildi.

Vazirlikning yuridik bo‘limi boshqarmasi rahbari Alijonov Jahongir «Vaqt.uz» muxbirining bu boradagi savoliga javob berdi. Uning ta’kidlashicha, pedagoglar uchun imtiyozlar Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 16-aprelda qabul qilingan 175-sonli qarori bilan belgilangan. Ushbu qarorga muvofiq, bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan.

Xususan, 312-sonli qaror — jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish reglamentiga tegishli hujjatda 51 ta davlat xizmati ro‘yxati belgilangan. Yangi qo‘shimchaga ko‘ra, ushbu xizmatlar bo‘yicha pedagoglar uchun 50 foizlik imtiyoz joriy etilgan.

Biroq barcha xizmat turlari hozircha qamrab olinmagan. Rasmiyga ko‘ra, agar xizmat uchun to‘lov undirilsa, tegishli to‘lov hujjatlariga, agar davlat boji belgilangan bo‘lsa, «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish kiritish talab etiladi. Ayni paytda mazkur qonunga o‘zgartish kiritish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgan va tasdiqlanishi kutilmoqda.

Shu bois, hozircha imtiyozlar faqat ayrim xizmatlar — pedagoglar attestatsiyasi, kasbiy sertifikat va til bilan bog‘liq xizmatlar hamda 312-sonli qarorda ko‘rsatilgan 51 ta davlat xizmati doirasida amal qilmoqda.

Shuningdek, ushbu imtiyozlar faqat pedagoglar jismoniy shaxs sifatida murojaat qilganda qo‘llaniladi. Ya’ni tadbirkorlik yoki yuridik shaxs sifatidagi xizmatlarga bu imtiyoz tatbiq etilmaydi.

Boshqa va’da qilingan imtiyozlar bo‘yicha ham ishlar davom etmoqda. Jumladan, transport xizmatlarida chegirmalar hamda pedagoglar farzandlari uchun kontrakt to‘lovlarida 30 foizlik imtiyoz joriy etish bo‘yicha tegishli vazirliklar tomonidan loyihalar ishlab chiqilgan.

Ma’lum qilinishicha, mazkur loyihalar hozirda idoralararo kelishuv bosqichida bo‘lib, yaqin kunlarda jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilishi kutilmoqda. Ular yangi o‘quv yilidan kuchga kirishi rejalashtirilgan.

 

«5 ta xizmat emas, 60 ga yaqin xizmat qamrab olingan» — Adliya vazirligi

Shuningdek, Adliya vazirligi matbuot kotibi Qilichev Hayotjon ham munosabat bildirdi. Uning «Vaqt.uz»ga ma’lum qilishicha, 5 ta xizmat emas, 60 ga yaqin turdagi xizmatlarni ko‘rsatishda belgilangan yig‘im va to‘lovlarni undirishda bir qator to‘lovlarning 50 foizi miqdorida imtiyoz qo‘llanilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda loyiha ko‘rib chiqish jarayonida ekani ma’lum qilindi. Uning aytishicha, loyihada pedagog shaxslarga tadbirkorlik faoliyati maqsadlarida yoki yuridik shaxsning vakili sifatida murojaat qilish hollaridan tashqari barcha davlat xizmatlarini ko‘rsatish chog‘ida qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat bojlari bo‘yicha 50 foizli chegirma qo‘llanilishi nazarda tutilgan.

Umuman olganda, pedagoglarga beriladigan imtiyozlar shunchaki ijtimoiy yordam emas, balki yillar davomida qilingan mehnat uchun qaytarilishi lozim bo‘lgan haqdir. Afsuski, bugungi «kechikkan va qisqargan» imtiyozlar ro‘yxati soha vakillarining qadri va ehtiyojlaridan ancha uzoqda ekanini ko‘rsatmoqda.

Agar o‘qituvchi traktor haydash uchun emas, balki munosib turmush kechirishi uchun ko‘mak kutayotgan bo‘lsa, mutasaddilar ro‘yxatni «bori bilan» emas, «keragi bilan» to‘ldirishlari shart.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 109

Barchasi

Mavzuga oid

O‘qituvchilarga imtiyoz: va’dalar nega qarorda qisqarib ketdi? | Vaqt.uz