
Orol dengizida ilmiy-tadqiqot stansiyasi ish boshladi
Orol dengizida yuzaga kelayotgan ekologik muammolarni ilmiy asosda hal etish uchun Mo‘ynoqdan 65 km uzoqda maxsus ilmiy-tadqiqot stansiyasi barpo etildi.

Orol dengizining qurigan tubida yuzaga kelayotgan dolzarb ekologik muammolarni ilmiy asosda hal etishga qaratilgan amaliy tadqiqotlar uchun Mo‘ynoq tuman markazidan 65 km uzoqlikdagi hududda maxsus ilmiy-tadqiqot stansiyasi barpo etildi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu ilmiy-tadqiqot stansiyasida jami 24 ta konteyner o‘rnatilgan bo‘lib, shundan 20 tasi yashash uchun, 1 tasi oshxona, 2 tasi hojatxona, 1 tasi qorovulxona sifatida jihozlangan. Hudud toza ichimlik suvi, elektr ta’minoti, internet aloqasi hamda doimiy video kuzatuv tizimi bilan to‘liq ta’minlangan.
Loyihalar doirasida hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos o‘simliklarni yetishtirish, ularni parvarishlash va kasallik hamda zararkunandalardan himoyalash, sho‘rlangan tuproqlar unumdorligini tiklash, tuz va qum migratsiyasi yo‘nalishlarini o‘rganish, biologik, meteorologik va geologik tadqiqotlar o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi.
«Mazkur sa’y-harakatlar Orolbo‘yi hududidagi ekologik muhitni yaxshilash, bioxilma-xillikni tiklash hamda cho‘l sharoitida flora va fauna rivojiga ilmiy asosda ko‘mak berishga xizmat qiladi», deyiladi vazirlik xabarida.
Avvalroq Vaqt.uz nashrining «Fikr vaqti» dasturida Rossiya mediasida ko‘tarilgan Orol dengizi va unga ruslarning Sibirdan suv olib kelish tashabbusi haqida so‘z borgandi.





