add

O‘rta tibbiyot xodimlari Saudiya Arabistonida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi

02.12.2025 | 13:253232 daqiqa

O‘zbekiston va Saudiya mehnat migratsiyasida yangi kelishuv orqali o‘zbekistonlik o‘rta tibbiyot xodimlarini Saudiya Arabistonida qonuniy va xavfsiz shartlarda ishga joylashtirish imkoniyatlari kengaydi.

O‘rta tibbiyot xodimlari Saudiya Arabistonida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi

O‘zbekiston Migratsiya agentligi Saudiya Arabistonining Health Resources Company (HRCO) kompaniyasi bilan mehnat migratsiyasi sohasida muhim hamkorlik kelishuvini imzoladi. Ushbu kelishuv Saudiyaning davlat tibbiyot muassasalarida o‘rta tibbiyot xodimi sifatida ishlashni istagan o‘zbekistonliklar uchun qonuniy, xavfsiz va shaffof tartibda bandlik imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.

HRCO Saudiya Arabistonida sog‘liqni saqlash tizimini markazlashgan boshqaruv asosida isloh etish doirasida tashkil etilgan va mamlakat bo‘ylab davlat tibbiyot muassasalari uchun yagona kadrlar siyosatini shakllantiradigan muhim operator hisoblanadi. Kelishuv HRCOning inson resurslari sohasidagi tajribasini o‘zbek mutaxassislarini jalb qilishga yo‘naltirish imkonini beradi.

Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Saudiyada ishlash istagini bildirib ariza topshirgan 887 nafar nomzoddan saralangan va suhbatga tayyor deb topilgan xizmat ko‘rsatuvchi kadrlar uchun ish beruvchilar ishtirokida tanlov jarayonlari boshlangan. Bu tanlovlar nomzodlarning malakasi va ishga tayyorlik darajasini baholashga qaratilgan bo‘lib, ularning xorijda mehnat faoliyatini boshlashida asosiy bosqich hisoblanadi.

Yurtdoshlarimiz uchun qulaylik yaratish maqsadida nomzodlar bilan suhbatlar 3–4-dekabr kunlari Andijon shahrida ham o‘tkaziladi. Bu hududlardagi nomzodlar uchun safar xarajatlarini kamaytirish va ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkonini yaratadi.

Kelishuvning amalga oshirilishi O‘zbekiston fuqarolarining xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirishi, Saudiya Arabistoni esa malakali tibbiyot kadrlari bilan ta’minlanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Avvalroq Italiya o‘zbekistonlik 3500 nafar o‘rta tibbiyot xodimini ishga olishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

O‘rta tibbiyot xodimlari Saudiya Arabistonida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi | Vaqt.uz