add

Ortiqcha xizmat avtomobillari sotuvga chiqariladi

Kecha 18:302 daqiqa

Davlat organlaridagi xizmat avtoparki to‘liq xatlovdan o‘tib, me’yordan ortiq mashinalar realizatsiya qilinadi.

Ortiqcha xizmat avtomobillari sotuvga chiqariladi

O‘zbekistonda davlat organlari ixtiyoridagi xizmat avtotransport vositalarini optimallashtirish bo‘yicha yangi tartib joriy etilmoqda. Prezidentning 27-dekabrdan kuchga kirgan farmoniga muvofiq, xizmat mashinalari xatlovdan o‘tkazilib, belgilangan me’yordan ortiq qismi sotuvga chiqariladi. Bu chora davlat xarajatlarini qisqartirish va davlat mulkidan foydalanishda shaffoflikni oshirishga qaratilgan.

Hujjatga ko‘ra, Hisob palatasi hamda Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi uch oy muddatda Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda davlat boshqaruvi va mahalliy hokimiyat organlari foydalanayotgan xizmat avtotransport vositalarini to‘liq inventarizatsiya qiladi.

Xatlov natijalariga ko‘ra, amaldagi limitlardan ortiqcha deb topilgan xizmat mashinalari belgilangan tartibda sotilishi ta’minlanadi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar va erishilgan natijalar haqida 2026 yil 1-iyunga qadar Prezident administratsiyasiga axborot kiritiladi. Shu bilan birga, davlat buyurtmachilari kesimida avtotransport vositalarini xarid qilish ustidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.

Ushbu qaror korrupsiyaga qarshi kurashish va davlat xaridlarida samaradorlikni oshirish bo‘yicha umumiy siyosatning davomi hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha bozor qiymatidan 20 foizdan ortiq bo‘lmasligi shartligini ta’kidlagan edi.

Davlat rahbari, shuningdek, xizmat avtotransportidan foydalanishni keskin qisqartirish va mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillarga o‘tish zarurligini bildirgan. Bu talablar davlat resurslaridan oqilona foydalanish va ichki ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid