add

«Otam baxtli bo‘lishini istayman» — Saida Mirziyoyeva uyidagi muhit, ekologiya va ta’lim haqida

Bugun 16:286 daqiqa

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva jurnalist Kirill Altmanning «Alter Ego» dasturiga intervyu berib o‘zi, do‘stlari, onasi, uyidagi muhit, ekologiya va ta’lim haqida gapirdi.

«Otam baxtli bo‘lishini istayman» — Saida Mirziyoyeva uyidagi muhit, ekologiya va ta’lim haqida

Prezident Administratsiya rahbari Saida Mirziyoyeva jurnalist Kirill Altmanning «Alter Ego» dasturiga bergan intervyusining navbatdagi qismini taqdim etamiz.

— Siz qanchalik kuchli o‘zgardingiz? Aytaylik, 2016 yilning yanvaridan 2026 yilning yanvarigacha bo‘lgan davrni olaylik. 10 yil ichida ichki tomondan qanchalik o‘zgardingiz?

— Murakkab savol. Tashqaridan yaxshiroq ko‘rinsa kerak, a? Men ko‘proq sabrli bo‘la boshladim. Shuningdek, impulsivligim kamaydi. Menimcha bu juda katta natija. Narsalarga kattaroq miqyosda nazar tashlay boshlasang shaxsiyat ko‘lami ham o‘zgara boshlarkan.

— Lekin bu siz istagan narsa emasmi?

— Yaxshi savol. Bu savolni men o‘zimga ham tez-tez berib turaman. Men istagan narsa aslida shumidi, deb. Men otam baxtli bo‘lishi istayman. U esa hamma o‘ylagan orzulari amalga oshsagina o‘zini baxtli his qiladi. Uning orzulari esa ulkan, keng qamrovli. Ularning barchasi xalq bilan chambarchas bog‘liq.

— Prezidentning qizi, degan statusga ega bo‘lganingizdan so‘ng odamlarning sizga bo‘lgan munosabati qanday o‘zgardi? Uni his qila boshladingizmi?

— Bilasizmi, men juda tor doiradagi odamlar bilan muloqot qilaman. Barcha do‘stlarim men bilan kamida 20 yildan buyon birga. Kamida. Yangi do‘stlar orttirmaganman. Men yillar sinovidan o‘tgan munosabatlarni qadrlayman.

Mening bolalikdan birga bo‘lgan dugonalarim bor. Hamon o‘shalar bilan birgaman. Shu sabab, ularning menga bo‘lgan munosabati qandaydir o‘zgardi, deya olmayman.

— Saroydagi intrigalarga qanday munosabatdasiz? Sir emaski, bunaqa holatlar ham bo‘lib turadi.

— Ha endi bu saroy hayotining bir qismi. Ular bo‘lib kelgan, bo‘laveradi. Biz birinchisi ham, oxirgisi ham emasmiz. Va bu normal holat. Aynan shu joyda donolik zarur bo‘ladi, xarakter ko‘rsatish kerak bo‘ladi.

— Menda kuchli xarakterli inson taassuroti paydo bo‘ldi. Bu orttirilgan sifatmi?

— Yo‘q. Men doimo xarakterli inson bo‘lganman. Doimo lider bo‘lganman. Mudom yuqori va katta narsalarga intilib kelganman. Aytdim-ku, bolaligimdan otam meni shaxs sifatida, meni hurmat qilish kerak, deya tarbiyalagan. Saida aytdimi, demak shunday bo‘ladi, deb. Bunga hamma bo‘ysunardi. Hattoki oyim ham men bilan hisoblashardi. U sen sinchkov nigoh bilan tug‘ilgansan, deb aytardi.

Dunyoga kelgan birinchi kuningdan atrofingdagi barchaga sinchkov savol nigohi bilan boqqan ekanman. Bizni yanada yaxshiroq bo‘lishimiz uchun harakat qilgan.

— Oyingiz haqida gapirib bering. Ular naqadar farqli?

— Otam bilanmi?

— Ha.

— Shunday bo‘lishi ham kerak, deb o‘ylayman. Bu — muvozanat. Unda ayollik energiyasi bor. Ular ideal er-xotin juftligi. Otam yetakchilik qiluvchi erkak, oyim esa o‘zining mehri, muhabbati va xarizmasi bilan xonadonni yorituvchi.

— Xarakteringizning eng kuchli jihati nimada deb o‘ylaysiz?

— Men insonlarni tanlashni bilaman, deb o‘ylayman. Bu intuitsiya darajasida. Bu iqtidor bo‘lsa kerak. Men tug‘ilganimizda Xudo bizga maqsadlarimizga erishish uchun ma’lum bir iqtidor berishiga ishonaman. Shunday iqtidorni menga ham bergan va undan foydalanayaptman.

— Yomon jihatlari-chi?

— Menda yomon jihatlar yo‘q. Men o‘z o‘zimga juda talabchanman. Shu meni qiynaydi. Balkim bu yaxshidir, balkim yomondir. Menga shu jihatim bilan yashash qiyin. Men o‘zimni maksimal darajada qat’iy ramkalarda ushlab turaman.

— Ijtimoiy loyihalar bilan juda ko‘p ishlaysiz. Sizda qandaydir ezgu ishni amalga oshirganlikni belgilovchi ko‘rsatkich bormi? Ularning bajarilishinik kuzatib turasizmi?

— Men barcha loyihalarimni kuzatib boraman. Biroq juda ko‘p loyihalarim uzoq muddatga mo‘ljallangan. Ta’lim deysizmi, yoki tibbiyot deysizmi. Bu loyihalarda natijani ertagayoqa qo‘l bilan ushlab ko‘rib bo‘lmaydi. Yillarni talab qiladi.

Eng so‘nggi ezgu loyihalarimizjan biri ekologiya bilan bog‘liq loyiha bo‘lsa kerak. Men har ertalab kunni IQ Airʼni tekshirishdan boshlayman.

— Nimaning evaziga ko‘rinarli muvaffaqiyatlarga tezda erishilmoqda? Oylab ijtimoiy tarmoqlarda bong urilgan, hamma bilib, tushunib turgan masala qandaydir 2-3 kun ichida hal bo‘lib ketdi. Nima qildingiz?

Biz barcha imkoniyatlarni safarbar qildik, o‘sha kuni, o‘sha kechdayoq barcha ishlar uchun Prezidentdan ruxsat oldik. U bizni qo‘llab-quvvatladi.

Biz shunchaki ekologiyaning muhimlik darajasini ko‘tardik, barcha kuchlarimizni jamlab, hammasini qat’iy nazorat ostiga oldik. Reydlar va hokazolar o‘tkazilgani esingizdadir. Bularning barchasi tezda natijalarga olib keldi, deb o‘ylayman. Mana, bugungi kunlar ham ham sovuq, uylar istilmoqda. Men o‘zimning uyimni isitmayman. Uyimiz negabu qadar salqin, degan savolga iqtisod qilish va ekologiyani asrash kerak, deyman. Chunki biz uyimiz issiq bo‘lishiga ko‘nikib qolganmiz. Aslida, 21-23 daraja iliqlik eng yaxshi harorat. Shu haroratni ushlab turish kerak, barcha vrachlar ham shuni tavsiya qilishadi. Bolalar ham chiniqib, sog‘lom bo‘lishadi. Yevropada ham odamlar uyida ham issiq kiyinib yurishadi. Biz esa uyni isitib, yengil kiyinib yurishga odatlanganmiz. Uy doim issiq bo‘lishi kerak

Yevropaga borib ko‘ring. Yaqinda Germaniyaga borib keldim. Ularda katta uylar umuman isitilmas ekan. Po’ezdan kirayotib buni sezasiz. Ular iqtisod qilishadi. Uy ichi salqin, vannalari ham sovuq. Janubiy Koreyani oling. Juda sovuq uylari. Ularda shunday madaniyat shakllangan. Biz ham shu madaniyatga kelishimiz kerak, deb o‘ylayman.

Xullas, men o‘z bolalarimdan boshladim. O‘zi bizda hamma narsa mening uyimdan boshlanadi. Bolalarim «tajriba quyonlari». Barcha «islohotchi ona»ga ko‘nikib bo‘lishgan.

— Ekologiya sohasida qo‘llanilayotgan choralar naqadar barqaror, deb o‘ylaysiz? 2026 yildan nimalarni kutsak bo‘ladi? Ifloslangan havo qaytalamaydimi?

— Biz hozir biznesga ekologiya muhimligini maksimal tushuntirmoqdamiz. Korxonalar havo tozalovchi filtrlar o‘rnatishlari kerak. Ekologiya muhim. Bu shunchaki madaniyat. Bu biznes yuritish madaniyati. U xoh davlat, xoh xususiy bo‘lsin.

Biz ham davlat, ham xususiy biznes bilan biroz ishladik, tushuntirish ishlari olib bordik. Barcha joyda filtrlar o‘rnatishni talab qilmoqdamiz. Bu o‘z natijasini bermoqda.

Bu holat mashinalar bilan bog‘liq. Xalq vaziyatni tushunishi kerak, o‘z zimmasiga mas’uliyat olishi kerak. Har kim islohotni o‘zidan boshlashi kerak. Hali mashinalar bilan ham ishlaymiz. COVID-19 vaqti esingizdami, ekologiya qanday edi? Havo toza, qushlar ovozi eshitilib qolgandi. Demak, bularning barchasiga erishsa bo‘ladi.

Bu murakkab masala. Shu sabab har kuni IQ Airʼni tekshirib turaman. Hozir endi biz emas, Hindiston yetakchi. Bir qarasangiz, boy davlat, jahonning yetakchi iqtisodiyotlaridan biri. Lekin masalani yecha olishmayapti.

— Mamlakat katta, turli-tuman, buning ham ta’siri bo‘lsa kerak. Savol boshqa joyda: nega odamlar o‘zlariga ziyon yetkazayotganini anglab yetishmaydi? Nega davlat ko‘rinishidagi bolg‘a kerak?

— Bu ta’lim bilan keladigan narsa. Bu vaqt talab qiladi. Tarbiya kerak bo‘ladi. Siz insonlarning dunyoqarashi, mas’uliyati bilan bog‘liq deyapsiz. Buni faqat ta’lim berish yo‘li bilan o‘rgatishimiz mumkin. Ayniqsa bolalarga.

Yuqorida ham aytdim, barcha loyihalarimiz uzoq muddatli, deb. Bu juda uzoq jarayon. Bugun qo‘limizdan keladigan narsani albatta amalga oshiraveramiz. Albatta, men buni nazorat qilaman.

— Ta’limga ham savollarimiz ko‘p. Tibbiyotga ham jumladan. Sir emaski, ta’lim tizimimiz lidercha fikrlashdan mosuvo etilgan tashabbusiz talabalarni tayyorlamoqda. Kattalar nima desa, shuni qilish kerak, degan qarash bilan.

— Bu sovetcha tizimga xos, agar eslasangiz. U paytda mafkura shunday bo‘lgan. Kollektiv muhim bo‘lgan, liderlar emas.

Bu esa, fikrimcha, barcha postsovet davlatlarining muammosi va fojiasi. Umuman, bugungi kunda ta’lim sohasiga katta savollarimiz bor. Masalan, 20 yoshni qarshilagan o‘g‘lim butun jahonda ta’limni isloh qilish kerakligi, u zamondan orqada qolayotganidan yozg‘iradi. Ta’lim bugungi kun talablariga, ehtiyojlariga javob bermayapti.

— U shunchaki jahonda bo‘layotgan o‘zgarishlar ortidan yeta olmayapti.

— Bilasizmi, bu juda murakkab jarayon. Bizning talabamiz portretini oladigan bo‘lsak… Jahonga o‘zi hozir aynan kim kerak, qanday shaxslarga ehtiyoj bor? Bilasizmi, hattoki biz ham taraqqiyotdan ortda qolmaslik uchun doim o‘qish va izlanishda bo‘lishimiz kerak. Taraqqiyot yetti milli qadamlar bilan yelib bormoqda.

Meni ta’lim qanday va qaysi yo‘nalishlarda rivojlanayotgani emas, jahonda nimalar degradatsiyaga uchrayotgani ko‘proq tashvishlantirmoqda. Fikrimcha, baribir mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishmiz kerak. Agar inson o‘z oldiga ta’lim olaman deb maqsad qo‘ygan bo‘lsa, agar u o‘z ustida ishlasa, istagan joyda ta’lim olishi mumkin.

Hozir onlayn kurslar davri keldi, onlayn ta’lim ommalashdi,, osonlashdi. Men butun mamlakat bo‘yicha umumiy gapirayotganim yo‘q.

— Davlat uning o‘rniga hal qilishi kerakmi? Ruldagi inson haqida javob bering-chi. Hamma davlat kelib, muammomni hal qilib beradi, deb kutadi. Bunday bo‘lishi kerak emas-ku?

— Bu gapni siz menga fuqaro sifatida aytayapsiz.

— Ha, g‘oyaga ko‘ra bunday bo‘lishi kerak emas. Lekin mendaylar kam-da. Aksariyat kimdir kelib, nimanidir hal qilishini kutadi.

— Bu yana dunyoqarash, mayndset bilan bog‘liq. Mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan insonlarning barchasi muvaffaqiyatga erishishadi. Albatta erishishadi. Agar sen o‘z hayoting uchun mas’uliyatni o‘z zimangga olib, o‘z kelajaging, farzandlaring kelajagi uchun barcha yuklarni o‘z gardaningga olsang, muvaffaqiyat kafolatlangan.

Teglar

Mavzuga oid