
Otishmalar, josuslar va Karakasdagi qal’a: Maduroni qanday o‘g‘irlab ketishdi?
Venesuela hukmdori Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores AQSH maxsus tayinlovli kuchlari tomonidan Karakasda tungi reyd chog‘ida o‘g‘irlab ketildi. Donald Trampga ko‘ra, operatsiya puxta rejalashtirilgan bo‘lgan.

Po‘lat eshiklar ortiga berkinmoqchi bo‘lgan diktator
AQSHning Venesuela poytaxtida o‘tkazilgan dadil harbiy operatsiyasi tafsilotlarini «Daily Mail» nashri bayon qildi. Maqolada, avvalo, Amerika yetakchisining bayonotlari, shuningdek, qator boshqa mansabdor shaxslar va AQSH Markaziy razvedka boshqarmasidagi manbalarga tayanadi.
Ma’lum bo‘lishicha, Maduro mustahkamlangan bunkerda bo‘lgan — u qal’adek qo‘riqlangan va olti dyuym qalinlikdagi po‘lat eshiklar bilan jihozlangan maxsus «xavfsiz xona»ga ega edi. Venesuela prezidenti shu xonaga yetib olishga uringan, biroq Amerika harbiylari bunga yo‘l qo‘ymagan.
«U (Maduro — tahr.) eshikni yopishga ham ulgurmadi, chunki bizning yigitlar nihoyatda tez harakat qilayotgan edi. Biz uni kutilmaganda ushladikmi? Qisman — ha, ammo ular nimadir bo‘lishini kutgan. Qarshilik katta bo‘ldi. Ko‘p o‘q uzildi», — dedi Tramp.
Operatsiya tafsilotlari
Bir necha hafta davom etgan tayyorgarlik ishlari va qulay ob-havo sharoitini kutishdan so‘ng, 2-yanvar kuni soat 22:46 da AQSH prezidenti «Absolute Resolve» («Mutlaq qat’iyat») operatsiyasini ma’qulladi. Reyd jarayonini AQSH prezidenti va uning maslahatchilari Florida shtatida joylashgan Mar-a-Lago qarorgohidagi himoyalangan xonaning o‘zida, real vaqt rejimida kuzatib borishdi.

Donald Tramp reyd jarayonini real vaqt rejimida kuzatish «juda ajoyib» bo‘lganini ta’kidladi.
«Men buni tom ma’noda televizion ko‘rsatuvni tomosha qilayotgandek kuzatdim. Agar siz u yerdagi tezlikni, zo‘ravonlik darajasini ko‘rganingizda edi — bu hayratlanarli manzara edi», — dedi AQSH prezidenti.
Reyd boshlanishi bilan Karakas qorong‘ilikka cho‘mgan. AQSH prezidentining aytishicha, evakuatsiya guruhi oylab mashq qilgan: «Ular kirib borgan binoga aynan o‘xshash uyni qurib, atrofini hamma joyi po‘lat bilan qoplab chiqishgan edi. Ular har qanday vaziyatga tayyor edi. Shundan so‘ng biz barcha chiroqlarni o‘chirdik», deya tushuntirdi buni Tramp.
Tramp Maduroning harakatlarini oylab kuzatib kelgan va joylarda faoliyat olib borgan Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) josuslari elektr tarmog‘ini egallab oldimi yoki kiberhujum uyushtirdimi, degan savolga javob berishdan bosh tortdi.
«Karakasda chiroqlar, asosan, bizda mavjud muayyan tajriba tufayli o‘chirildi», dedi Tramp.

AQSH Qo‘shma shtablar qo‘mitasi raisi general Den Keyn operatsiyani amalga oshirishda AQSH Quruqlik qo‘shinlari, Harbiy-dengiz kuchlari, Harbiy-havo kuchlari, Dengiz piyodalari, Maxsus operatsiyalar kuchlari va razvedka idoralarining qo‘shma harakatlarini yuksak baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular operatsiya ustida «oylab» ishlagan, jumladan, Maduroning harakatlari, nimalar kiyishi, nimalar yeyishi, uning farzandlari va hatto uy hayvonlarigacha o‘rganilgan.
«Bu missiya o‘ta sinchkovlik bilan rejalashtirilgan edi. Bu faqat AQSH amalga oshira oladigan darajada dadil operatsiya bo‘ldi. Shu qadar aniq va nozik evakuatsiya amalga oshirildiki, unda G‘arbiy yarimshar bo‘ylab qat’iy muvofiqlashuv asosida uchirilgan 150 dan ortiq uchish apparati ishtirok etdi. Ular barchasi bir vaqt va bir joyda jamlanib, qatlamli ta’sir hosil qildi — yagona maqsad yo‘lida: kutilmaganlik omilni saqlagan holda Karakas markaziga to‘sib kirish guruhini olib kirish», dedi general Den Keyn.
F-18, F-22 va F-35 qiruvchi samolyotlari, Seahawk va Chinook vertolyotlari, B-1 tovushdan tez uchar bombardimonchilari hamda uchuvchisiz dronlarni o‘z ichiga olgan aviatsiya guruhi dekabr oyidan beri Venesuela sohillari yaqinida turgan o‘ndan ortiq AQSH harbiy kemalari va Gerald R. Ford aviatashuvchi kemadan uchirildi. Shuningdek, samolyotlar Karib havzasi atrofida joylashgan AQSH harbiy bazalaridan ham harakatga keltirildi.
Maxsus tayinlovli kuchlarni tashigan vertolyotlar 160-Maxsus operatsiyalar aviatsiya polkiga mansub bo‘lib, «Night Stalkers» (Tungi izquvarlar) laqabi bilan tanilgan. Ular orasida MH-60 Seahawk va MH-47 Chinook vertolyotlari bor edi. Delta Force vertolyotlari Karakasga yaqinlashayotgan paytda dengiz sathidan atigi 100 fut balandlikda uchgan. Yuqorida esa qiruvchi samolyotlar va bombardimonchilar ularni qo‘llab-quvvatlab, shahar atrofidagi beshta harbiy ob’ektni bombardimon qilgan — bu yerdagi maqsad Venesuela qo‘shinlarini chalg‘itish bo‘lgan.

AQSH kuchlari kecha Sharqiy standart vaqt bo‘yicha soat 01:01 da Venesuela yetakchisining qarorgohiga yetib borgan va soat 03:29 ga kelib dengiz usti orqali USS Iwo Jima kemasiga qaytib olgan. Biroq Pentagondagi manbaning aytishicha, yer ustidagi otishma va Maduroni qo‘lga olish jarayoni 30 daqiqadan ham kam vaqtni olgan. Butun operatsiyaga esa 2 soatu 28 daqiqa vaqt sarflangan.
Qariyb o‘n nafar maxsus tayinlovli askar Maduroning qattiq qo‘riqlanadigan qarorgohi hududiga «fast roping» usulida — ya’ni vertolyotdan arqonlar orqali tezkor tushish orqali kirib borgan va shundan so‘ng kuchli o‘q yomg‘iri ostida qolgan.
Shundan so‘ng, MRB manbasi ta’riflaganidek, «shafqatsiz» otishma bo‘lib o‘tdi. Undan keyin maxsus tayinlovli kuchlar Fort-Tiuna hududiga kirib bordi. Aynan shu yerda Maduro va uning rafiqasi — taxminlarga ko‘ra, faqat pijamada bo‘lgan holda o‘zlarining «xavfsiz makoni» — temir eshiklar ortidagi bunkerga kirishga uringan.
Ular boshqa xonada uxlab yotgan, biroq o‘q ovozlaridan uyg‘onishgan. AQSH harbiylari juftlikka yetib borishi bilan «ular soniyalar ichida ushlab olib chiqildi», dedi Tramp. U, shuningdek, ikki nafar amerikalik harbiy «hayot uchun xavfli bo‘lmagan tarzda o‘q yegani»ni qo‘shimcha qildi.
Vertolyotlardan biri yerdan ochilgan o‘qqa duch kelgan, biroq xavfsiz tarzda USS Iwo Jima kemasiga qaytib olishga muvaffaq bo‘lgan.
General Keynning aytishicha, Nishon hududiga kirish paytida vertolyotlar o‘qqa tutilgan va ular bunga javoban kuchli o‘t ochish hamda o‘zini himoya qilish choralarini ko‘rilgan.
«Samolyotlarimizdan biriga shikast yetdi, ammo u uchish qobiliyatini saqlab qoldi. Kuchlar Maduro qarorgohiga tushib, tezlik, aniqlik va intizom bilan harakat qildi hamda ayblov e’lon qilingan shaxslarni ushlash jarayonida yer ustidagi guruh xavfsizligini ta’minlash uchun hududni to‘liq ajratib oldi», dedi general.
Maduro va uning rafiqasi qarorgoh hududiga qo‘ngan vertolyotga solinib, olib chiqilgan.
Shundan keyin ular USS Iwo Jima kemasiga yetkazildi va Nyu Yorkning Janubiy okrugi bo‘yicha Federal tergov byurosi (FTB) agentlari tomonidan hibsga olindi. Shanba kuni FTB Maduro va uning rafiqasiga nisbatan narkoterrorizm, kokain kontrabandasi hamda pulemyotlarni saqlash ayblovlari bilan ayblov xulosasini e’lon qildi.
Ushbu ayblov xulosasi 2020 yilda AQSH katta hakamlar hay’ati tomonidan chiqarilgan hujjatning yangilangan talqini hisoblanadi.
AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset Maduro haqida shunday dedi: «U oqibatini o‘zi chaqirdi».

MRBdagi manbalardan biri «The Mail on Sunday» nashriga «Operatsiya mutlaqo bekamu-ko‘st o‘tgani»ni bidirdi.
«Biz o‘tgan yozdan beri joylarda agentlar orqali ma’lumot to‘plab kelayotgandik. Maduro va uning atrofidagilarni oylab kuzatib kelgan maxfiy dronlar floti bor edi. U qayerda ekanini, qachon ovqatlanishini va hatto hojatga qachon borishini ham aniq bilardik», dedi u.
Maduro va uning rafiqasi 3-yanvar, shanba kuni kechqurun Nyu Yorkka olib ketildi. Ular «Metropolitan Detention Center» qamoqxonasida saqlanadi.

Venesuela hokimiyati reyd chog‘ida harbiylar yoki fuqarolar orasida qurbonlar bo‘lgan-bo‘lmagani haqida hali rasmiy ma’lumot bermadi. Biroq kamida bir ayol halok bo‘lgani xabar qilinmoqda. (Keyingi xabarlarga ko‘ra 40 dan ziyod odam halok bo‘lgani aytilmorqda — tah.)
Donald Tramp AQSH Venesuelada ikkinchi to‘lqin hujumiga ham tayyor bo‘lganini bildirdi. Shu bilan birga u: «Aslida ikkinchi to‘lqin kerak bo‘ladi, deb o‘ylagandik, ammo hozircha bunga ehtiyoj qolmaganga o‘xshaydi», deya qo‘shimcha ham qildi.





