add

Ozarboyjonning ishg‘oldan ozod etilgan hududlarida mina muammosi

Bugun 11:583 daqiqa

2020 yilda yakunlangan urushdan so‘ng Ozarboyjon uzoq yillar davomida ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qayta tiklash jarayoniga kirishdi. Biroq hududning armanlar tomonidan keng miqyosli minalashtirilgani majburiy ko‘chirilgan aholining qaytishi uchun asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Ozarboyjonning ishg‘oldan ozod etilgan hududlarida mina muammosi

Bu hududlar yillar davomida Armaniston tomonidan maqsadli va tizimli ravishda minalashtirilgan. Bu qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida Ozarboyjon Respublikasining Minadan Tozalash Agentligi (ANAMA) muhim rol o‘ynaydi va xalqaro sheriklar bilan hamkorlik doirasida mina tozalash amaliyotlarini amalga oshirmoqda.

Shu bilan birga, Ozarboyjon Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va xalqaro hamkorlar ham jarayonga jalb etilgan. Ozod etilgan hududlarda minglab gektar yerlar allaqachon tekshirilib, yuz minglab mina va portlamagan harbiy o‘q-dorilar zararsizlantirilgan. Shunga qaramay, minalarning yuqori zichligi hamda xaritalarning to‘liq emasligi yoki noto‘g‘ri taqdim etilishi ishni ancha qiyinlashtirmoqda.

Huquqiy nuqtayi nazardan mina muammosi faqat xavfsizlik masalasi emas, balki xalqaro humanitar huquqning qo‘pol buzilishi hisoblanadi. Tinch aholiga xavf tug‘diruvchi, qaytish huquqini cheklovchi bu holat Armanistonning urushdan keyingi davrda ham konstruktiv bo‘lmagan xatti-harakatlarining ko‘rsatkichi sifatida baholanishi mumkin. Mina xaritalarining to‘liq va aniq berilmasligi xalqaro humanitar majburiyatlarga zid bo‘lib, huquqiy javobgarlikni yuzaga keltiradi.

Siyosiy maydonda esa Ozarboyjon mina masalasini xalqaro kun tartibida izchil ravishda ko‘tarib kelmoqda. Rasmiy Boku bu muammoni faqat milliy emas, balki mintaqaviy va humanitar xavfsizlik masalasi sifatida taqdim etadi. Maqsad – ham xalqaro yordamni oshirish, hamda Armaniston ustidan siyosiy-huquqiy bosim mexanizmlarini kuchaytirishdir.

Mina tozalash jarayoni Ozarboyjonning «Buyuk Qaytish» strategiyasining asosiy shartidir. Davlat bu ishni bosqichma-bosqich, rejali va prinsipial tarzda davom ettirmoqda. Lekin muammoning ko‘lami shuni ko‘rsatadiki, bu uzoq muddatli jarayon bo‘lib, xalqaro hamjamiyatning real va samarali yordamisiz uni to‘liq hal qilish qiyin. Shunga qaramay, Ozarboyjon o‘z suveren hududlarida xavfsiz va barqaror hayotni tiklash yo‘lida qat’iyatli pozitsiyasini davom ettirmoqda.

Ozarboyjon Respublikasining Minadan Tozalash Agentligi (ANAMA) ishg‘oldan ozod etilgan hududlarda mina tozalash faoliyatiga jalb etilgan tuzilmalar tomonidan 2025 yilda amalga oshirilgan minadan tozalash amaliyotlariga doir ma’lumot e’lon qildi. Xususan, o‘tgan yil davomida Tartar, Ag‘dara, Kalbajar, Ag‘dam, Xo‘jali, Xonkandi, Xo‘javand, Lochin, Shusha, Fuzuliy, Qubadli, Jabroyil va Zangilonda olib borilgan mina tozalash amaliyotlari vaqtida 4963 dona piyodaga qarshi mina, 1861 dona tankka qarshi mina va 52 392 dona portlamagan harbiy o‘q-dori oshkor qilinib, zararsizlantirilgan. Shuningdek, 69 205,7 ha hudud mina va portlamagan harbiy o‘q-dorilardan tozalangan.

Shu bilan birga, minalar xaritasi Armaniston tomonidan Ozarboyjonga taqdim etilmagan. Ozarboyjon ishg‘oldan ozod etilgan hududlardagi minalar xaritasini Armanistondan 2026 yilda ham qat’iy talab qiladi. Bu so‘zlarni Ozarboyjon tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov 2025 yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida so‘zladi.

«Armaniston ularning qo‘lida mina xaritasi yo‘qligi, hammasini topshirib bo‘lishganini iddao qiladi. Shu sababli ham minalar bilan bog‘liq vaziyat yetarlicha murakkab. Chunki ayrim hududlarda minalar 2021–2023 yillar oralig‘ida o‘rnatilgan. Shuningdek, hududlarimizda 2020 yildan keyin umuman olganda yuz minglab mina joylashtirilgan. Bu minalarni to‘liq xavfsiz tarzda olib tashlash qisqa muddatda mumkin emas, bu uzoq muddatli va rejali amaliyotlar talab qiladi», — deya ta’kidladi Ozarboyjon tashqi ishlar vaziri.

Ozarboyjonning ishg‘oldan ozod etilgan hududlarida mina tozalash jarayoni uzoq muddatli, katta resurs talab qiladigan va xavfli missiyadir. Jarayonning muvaffaqiyatli davom ettirilishi davlat idoralari, xalqaro hamkorlar va mutaxassislarning muvofiqlashtirilgan faoliyatini shart qiladi. Natijada, mina xavfini bartaraf etilishi mintaqaning normal hayotga qaytishi va davomli rivojlanishi uchun asosiy shartlardan biridir.

Mina muammosi nafaqat humanitar zarar yaratadi, balki keng miqyosli qayta tiklash va reintegratsiya jarayonlarining sur’atiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Hozirgi sa’y-harakatlar Ozarboyjonning mina xavfidan ozod, xavfsiz va yashashga yaroqli muhit qurishga qarorli ekanini ko‘rsatmoqda. Bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlarning muvaffaqiyati mintaqaning kelajakdagi rivojlanishining kalitiga aylanadi.

 

Teglar

Mavzuga oid