
O‘zbek shaxmatchisi ilk bor FIDE Jahon kubogi finalida o‘ynaydi
Ikki o‘zbekistonlik shaxmatchi — Nodirbek Yoqubboyev va Javohir Sindarov — Goadagi Jahon kubogi yarim finaliga chiqdi.

Hindistonning Goa shahrida o‘tayotgan FIDE Jahon kubogi 2025 musobaqasida o‘zbekistonlik shaxmatchilar tarixiy natija qayd etmoqda. Chorakfinal bosqichida Javohir Sindarov meksikalik Xose Alkantarani 3,5:2,5, Nodirbek Yoqubboyev esa germaniyalik Aleksandr Donchenkoni 1,5:0,5 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Yarim finalda ikki o‘zbekistonlik shaxmatchi o‘zaro bahs olib boradi. Bu holat O‘zbekiston tarixida ilk bor Jahon kubogi finalida kamida bitta vakil bo‘lishini ta’minlaydi.
2025-yilgi Jahon kubogi — har ikki yilda FIDE shafeligida o‘tkaziladigan shaxmat bo‘yicha jahondagi eng yirik nokaut-turnir. Sovrin — 2 mln dollar mukofot jamg‘armasi va 2026-yilgi Nomzodlar turniri uchun uchta o‘rin.
Musobaqa jahon chempionini aniqlamaydi, ammo eng yaxshi uchlik 2026 yilda o‘tkaziladigan shaxmat tojiga da’vogarlar turniriga yo‘llanma oladi. Shunday qilib, O‘zbekiston tarixida ilk bor kamida bir shaxmatchi ushbu elita turnirida qatnashishi kafolatlandi.
Turnir 28-mart – 16-aprel kunlari Kiprda bo‘lib o‘tadi. Unda jami 8 nafar shaxmatchi ishtirok etadi.
Turnir g‘olibi amaldagi jahon chempioni – hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi bahsga chiqadi.





