add

«O‘zbekiston-2030» strategiyasidan shiorlar olib tashlanadi

Bugun 16:202 daqiqa

Yangi tahrirdagi «O‘zbekiston-2030» strategiyasidan o‘lchab bo‘lmaydigan 130 ta shior va topshiriq chiqarilib, aniq raqamli maqsadlar belgilandi.

«O‘zbekiston-2030» strategiyasidan shiorlar olib tashlanadi

2026–2030 yillarga mo‘ljallangan «O‘zbekiston-2030» strategiyasining qayta ko‘rib chiqilgan loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Bu haqda 30-dekabr kuni Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi ma’lum qildi. Yangi tahrirda strategiyadan topshiriq va shior ko‘rinishidagi, o‘lchash imkoni bo‘lmagan 130 ta maqsadli ko‘rsatkich chiqarib tashlandi.

Amaldagi «O‘zbekiston-2030» strategiyasi 2023 yil kuzida Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan tasdiqlangan bo‘lib, u beshta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan edi. Davlat rahbari 26-dekabr kuni parlament va xalqqa qilgan murojaatida dunyo va mamlakatdagi chuqur o‘zgarishlar ushbu strategiyani qayta ko‘rib chiqishni taqozo etayotganini ta’kidlagandi.

Prezident murojaatida yalpi ichki mahsulot hajmini 2030 yilgacha 160 milliard dollarga yetkazish rejasi avval belgilanganini, biroq bu marraga 2026 yildayoq erishish mumkinligini qayd etdi. Shuningdek, keyingi besh yil ichida YAIM hajmi 240 milliard dollargacha o‘sishi ehtimoli mavjudligi bildirildi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, global iqtisodiyotdagi beqarorlik, xalqaro munosabatlardagi o‘zgarishlar, iqlim muammolari, energiya bozorlarining transformatsiyasi, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi yangi yondashuvlarni talab qilmoqda. Shuningdek, aholi soni o‘sishi bilan bog‘liq ijtimoiy ehtiyojlar ham hisobga olingan.

Yangilangan loyiha 350 dan ortiq davlat organlari va ilmiy markazlar ishtirokida ishlab chiqilgan. Ularda amaldagi strategiyadagi 444 ta samaradorlik ko‘rsatkichi har tomonlama baholangan. Natijada barcha maqsadlar aniq o‘lchovli, yilma-yil bajarilishi belgilangan va moliyalashtirish manbalari ko‘rsatilgan shaklga keltirildi.

Yangi strategiyada har bir vazirlik va idora uchun alohida samaradorlik ko‘rsatkichlari belgilanib, tarmoq, soha va hududiy rivojlanishga oid barcha konsepsiyalar «O‘zbekiston-2030» bilan muvofiqlashtirilishi nazarda tutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid