O‘zbekiston Eronga insonparvarlik yordamini yubordi
Erondagi aholi uchun zarur oziq-ovqat va tibbiy vositalardan iborat insonparvarlik yordami yetkazildi.

O‘zbekiston hukumati 16-mart kuni Eron aholisi uchun insonparvarlik yordamini yubordi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, yordam yuki tarkibiga asosiy oziq-ovqat mahsulotlari — un, guruch, shakar, makaron mahsulotlari, kungaboqar yog‘i va turli konservalar kiritilgan. Shuningdek, insonparvarlik yukida dori-darmonlar hamda tibbiy buyumlar ham mavjud.

Yuk Eron hududiga yetkazib berilgan va uni qabul qilish marosimida mahalliy vakillar ishtirok etgan. Xususan, Daregaz shahri hokimi Mo‘jtabo Bazmara, Eron Tashqi ishlar vazirligining Xuroson Razaviy viloyatidagi idorasi rahbari — vazir maslahatchisi Ali Masumifar hamda Eronning Turkmanistondagi elchisi Ali Mo‘jtabo Ruzbexani qatnashdi.

Tadbir davomida Eron rasmiylari O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami uchun mamlakat prezidenti nomiga minnatdorlik bildirdi. Ular mazkur tashabbusni ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash an’analarining amaliy ifodasi sifatida baholadi.

Bu kabi insonparvarlik tashabbuslari mintaqada o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishi, shuningdek, davlatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishga zamin yaratishi ta’kidlanmoqda.





