
O‘zbekiston hududlaridagi 1 kilo osh narxlari ma’lum bo‘ldi
Mamlakatda 1 kilogramm palov tayyorlash uchun kerak bo‘ladigan mahsulotlar qiymati hududlar bo‘yicha sezilarli tafovut bilan shakllandi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyida palov tayyorlashda ishlatiladigan asosiy mahsulotlar narxi va ular asosida hisoblangan 1 kilogramm palov qiymati hududlar kesimida turlicha bo‘ldi. Eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasida, eng yuqori qiymat esa Toshkent shahrida qayd etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 kg palovning hisoblangan qiymati 97 727 so‘mni tashkil etdi. Bu respublika hududlari orasida eng arzon ko‘rsatkich hisoblanadi. Sirdaryo viloyatida ushbu ko‘rsatkich 103 696 so‘m, Andijon viloyatida esa 105 336 so‘m darajasida shakllangan.
O‘rtacha narx segmentida Navoiy (109 169 so‘m), Jizzax (109 017 so‘m) va Namangan (108 030 so‘m) viloyatlari joy olgan. Bu hududlarda asosiy ta’sir qiluvchi omil sifatida go‘sht, sabzi va guruch narxlarining nisbatan yuqoriligi ko‘rsatilmoqda.
Eng qimmat palov Farg‘ona viloyati va Toshkent shahrida kuzatildi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 1 kg palov 114 890 so‘mga, Toshkent shahrida esa 115 491 so‘mga tushgan. Toshkent viloyatida ham ko‘rsatkich yuqori bo‘lib, 111 857 so‘mni tashkil etdi.
Palov tarkibiga kiruvchi mahsulotlar orasida eng katta ulushni mol go‘shti egallamoqda. Uning narxi hududlarga qarab 94 ming so‘mdan 114 ming so‘mgacha yetgan. Sabzi, guruch va zira qiymatlari ham umumiy narx shakllanishida muhim o‘rin tutgan. Ushbu ma’lumotlar hududlar kesimida oziq-ovqat bozoridagi narx-navoni ham ko‘rsatadi.





