add

O‘zbekiston Jahon bankidan 800 mln dollar kredit oladi

16.10.2025 | 15:158108

Jahon banki O‘zbekistondagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 800 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Mablag‘ hukumatga uzoq muddatli qaytarish shartlari asosida past foiz stavkasi bilan taqdim etilishi aytilgan.

O‘zbekiston Jahon bankidan 800 mln dollar kredit oladi
Jahon banki O‘zbekistonga 800 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Ushbu mablag‘lar hukumatga uzoq muddatli qaytarish shartlari asosida past foiz stavkasi bilan taqdim etiladi. "Bunday kreditlash shartlari xalqaro moliya bozorlaridagiga qaraganda ancha foydaliroq. Bu orqali O‘zbekiston qarz bo‘yicha xizmat ko‘rsatish xarajatlarini qisqartirishi va tejalgan byudjet mablag‘larini ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi", deyiladi Jahon banki xabarida. Jahon bankining qo‘llab-quvvatlashi hukumatga turli strategik muhim sohalarda davlat siyosatining shoshilinch choralarini amalga oshirishda yordam beradi, jumladan: 1. Aholini ijtimoiy himoya qilish: Elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti va gaz tariflarining o‘sganligini kompensatsiya qilish uchun kam ta’minlangan oilalarga bir martalik yillik moddiy yordam pulini 270 ming so‘mdan 1 million so‘mga oshirish. 2. Ayollar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni oshirish: Ayollarni ish joyidagi jinsiy zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy baza va mexanizmlarni rivojlantirish. Ish beruvchilarga homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ish haqini kamaytirish yoki ishdan bo‘shatishni taqiqlash. 3. Ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish: Akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy va nodavlat yetkazib beruvchi tashkilotlar orqali aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish bozorini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish. 4. Davlat korxonalarini isloh qilish: Davlat korxonalarini yanada samarali boshqarish va xususiylashtirish uchun O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil etish. Keng polosali Internet va mobil aloqa bozorlarida davlat kompaniyalarining ustunligini cheklash maqsadida mustaqil telekommunikatsiya regulyatorini shakllantirish, shuningdek, telekommunikatsiya sohasiga xususiy investitsiyalarni jalb qilish. 5. Qishloq xo‘jaligi: Mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini qishloq xo‘jaligi xavf-xatarlaridan sug‘urtalash tizimini joriy etish. Paxtachilik sohasidagi islohotlarni davom ettirish, xususan, paxta xaridi narxlarini belgilashning yanada moslashuvchan mexanizmini joriy etish va to‘qimachilik korxonalariga ushbu xom ashyoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri har qanday fermer xo‘jaligidan sotib olish imkoniyatini berish. 6. Tashqi savdoni liberalizatsiya qilish: O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish va eksport tartibini soddalashtirish, shu jumladan ayrim turdagi tovarlarni eksport qilish uchun ruxsatnomalarni bekor qilish orqali xalqaro savdoni kengaytirish. Energetika, neft-gaz, kimyo, qishloq xo‘jaligi va raqobatni cheklaydigan boshqa tarmoqlarda ayrim kompaniyalarga berilgan eksklyuziv huquqlarni bekor qilish. 7. Energetika sektori: Xususiy investorlar ishtirok etishi uchun elektr energiyasini taqsimlash bozorini ochish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish va mustaqil qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqaruvchilarga elektr energiyasini iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish huquqini taqdim etish. Ushbu choralar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish va elektr tarmoqlarini rivojlantirishga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi. 8. Energiya samaradorligini oshirish: Energiya sarfi yuqori bo‘lgan tarmoqlarda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va energiya samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha rag‘batlarni joriy etish. Ushbu chora-tadbirlar qatorida energiya tejamkor loyihalarga xususiy investitsiyalarni jalb qilishga qaratilgan Energiya samaradorligi milliy agentligini tashkil etish, shuningdek quyosh energetikasini rivojlantirish, issiqlik nasoslarini joriy etish va binolarning energiya samaradorligini oshirish uchun moliyaviy rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan. 9. “Yashil” davlat xaridlari: Byudjet mablag‘laridan foydalanishda ekologik toza tovarlar va xizmatlarni sotib olishga ustuvorlik berish uchun davlat xaridlari tizimiga ekologik mezonlarni joriy etish. Eslatib o‘tamiz, kecha O‘zbekiston Osiyo taraqqiyot bankidan 500 mln dollar kredit olgani haqida xabar bergan edik. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston tashqsi qarzi 72 mlrd dollardan oshgan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston Jahon bankidan 800 mln dollar kredit oladi | Vaqt.uz