
O‘zbekiston jahonda eng ko‘p mol go‘shti iste’mol qilayotgan davlatlar orasida
Dunyo bo‘ylab mol go‘shti yeyish bo‘yicha Argentina peshqadam, tovuq go‘sht yeyish bo‘yicha orol davlatlar yetakchi. Mo‘g‘uliston esa qo‘y va echki go‘shti yeyishda juda katta farq bilan oldinda. O‘zbekistonning ko‘rsatkichi ham ma’lum qilindi.

Dunyoda go‘sht iste’moli tarkibi mamlakatlarning madaniy an’analari, iqlim sharoiti va oziq-ovqat ta’minotiga bog‘liq holda keskin farq qiladi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, qoramol, tovuq, qo‘y va echki go‘shti bo‘yicha yetakchi mamlakatlar ro‘yxati mutlaqo turlicha shakllangan.
Ushbu ko‘rsatkichlar har bir davlatdagi ratsioning tarkibi va tarixiy ovqatlanish modelini ham aks ettiradi.
Aholi jon boshiga umumiy go‘sht mahsulotlarini eng ko‘p iste’mol qiladigan davlatlar beshtaligiga Tongo (148 kg), Mo‘g‘uliston (132 kg), Sent-Vinsent va Grenadin (124 kg), Hongkong (123 kg) va AQSH (123 kg) kiradi.
Markaziy Osiyo davlatlarida bu borada ko‘rsatkichlar shunday:
1. Qozog‘iston — 70 kg;
2. Turkmaniston — 59 kg;
3. O‘zbekiston — 42,4 kg;
4. Ozarboyjon — 40,5 kg;
5. Qirg‘iziston — 38,2 kg;
6. Tojikiston — 35,9 kg;
Qoramol go‘shtini iste’mol qilish bo‘yicha esa Argentina peshqadamlik qilmoqda — bu davlatda 2025 yilda aholi jon boshiga 46 kg.dan mol go‘shti to‘g‘ri kelgan. Zimbabve 44,4 kilogramm bilan ikkinchi o‘rinda. Mol go‘shti iste’mol bo‘yicha keyingi o‘rinlarda AQSH (38 kg), Isroil (36,1 kg) va Braziliya (34,6 kg) va O‘zbekiston (30,8 kg) bor.
Mol go‘shti iste’moli bo‘yicha Markaziy Osiyodagi ko‘rsatkichlar quyidagicha: O‘zbekiston (30,8 kg), Turkmaniston (25,1 kg), Tojikiston (24,9 kg), Qozog‘iston (24,8 kg), Qirg‘iziston (15,7 kg), Ozarboyjon (15 kg).
Tovuq go‘shti iste’molida esa orol davlatlari yetakchilik qiladi. Sent-Vinsent va Grenadin aholi jon boshiga 94,1 kg bilan birinchi o‘rinda. Undan keyingi o‘rinlarda Tonga (90,6 kg), Marshall orollari (74,8 kg), Samoa (74,8 kg) va Isroil (70,8 kg) joylashgan. Bu davlatlarda yer resurslarining cheklanganligi tufayli tovuqchilik arzon va samarali protein manbai sifatida ustunlik qiladi.
Markaziy Osiyoda bu boradagi ko‘rsatkichlar: Qozog‘iston (21,8 kg), Ozarboyjon (16,1 kg), Turkmaniston (11,2 kg), Qirg‘iziston (7,55 kg), O‘zbekiston (6,38 kg), Tojikiston (2,75 kg).
Qo‘y va echki go‘shtini iste’mol qilishda Mo‘g‘uliston katta farq bilan yetakchi — aholi jon boshiga 68,5 kg. Bu mamlakatda ko‘chmanchi chorvadorlik madaniyati hukmron bo‘lib, yerning qattiq iqlim sharoiti qishloq xo‘jalik ekinlarini katta hajmda yetishtirishni cheklaydi. Shu bois, ratsion asosan go‘sht mahsulotlariga tayanadi. Ro‘yxatdagi qolgan mamlakatlar Bahrayn (23,4 kg), Yangi Kaledoniya (21,9 kg), Turkmaniston (20,3 kg) va Chad (19,0 kg) kabi davlatlardir.
Markaziy Osiyoda bu boradagi ko‘rsatkichlar: Turkmaniston (20,3 kg), Qirg‘iziston (9,84 kg), Ozarboyjon (8,6 kg), Qozog‘iston (8,51 kg), Tojikiston (7,7 kg), O‘zbekiston (4, 8 kg).
Mutaxassislarga ko‘ra, go‘sht iste’molidagi ushbu tafovutlar mamlakatlarning iqtisodiy imkoniyatlari, yer resurslari, iqlim sharoiti va tarixiy an’analar bilan bevosita bog‘liq. FAOning ta’kidlashicha, go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan talab dunyo bo‘ylab o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, uning tarkibi va turlari mintaqalarga ko‘ra turlicha shakllanmoqda.





