add

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ 143 mln dollar kredit oladi

07.01.2026 | 16:572 daqiqa

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ 200 ta yo‘lovchi vagonini yangilash va lokomotiv parkni kengaytirish uchun 143 mln dollar kredit jalb qiladi.

«O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ 143 mln dollar kredit oladi

O‘zbekiston temiryo‘llari yo‘lovchi tashish infratuzilmasini yangilash uchun 143 million dollar miqdorida kredit jalb qiladi. Bu prezidentning tegishli qarori asosida amalga oshirilib, loyiha temiryo‘l sohasida xizmat sifati va qamrovini oshirishni maqsad qiladi.

Qayd etilishicha, mablag‘lar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 2026—2027 yillarda 10 yil muddatga ajratiladi. Kreditning 3 yillik imtiyozli davri mavjud bo‘lib, yillik foiz stavkasi 5 foizni tashkil etadi. Moliyalashtirish «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ hamda uning tarkibidagi korxonalar kafilligi asosida amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida 200 ta yo‘lovchi vagoni yangilanadi. Shuningdek, lokomotiv parkni modernizatsiya qilish maqsadida 2 ta yo‘lovchi teplovozi, 10 ta elektrovoz va 50 ta manyovr lokomotivi xarid qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu xaridlar uchun ro‘yxat bo‘yicha chetdan olib kelinadigan tovarlar belgilangan muddatlarda import bojidan ozod etiladi.

Qaror bilan jamiyat tarkibidagi korxonalarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kunga kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi. Bu chora-tadbirlar loyihalarni tezkor amalga oshirish va moliyaviy yuklamani yumshatishga xizmat qiladi.

Hujjatda belgilangan asosiy maqsadlardan biri — 2030 yilgacha temiryo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yillik yo‘lovchi tashish hajmini 10,5 million nafardan 23,5 million nafarga yetkazishdir. Shu bilan birga, elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan yo‘nalishlar sonini 40 tadan 53 tagacha oshirish rejalashtirilgan.

Avvalroq Vaqt.uz ushbu hujjatga asosan qaysi hududlarida elektropoyezdlar harakati tashkil etilishini ma’lum qilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid