
O‘zbekiston va Rossiya samolyotlari Qozog‘iston osmonida xavfli darajada yaqinlashdi
Qozog‘iston Transport vazirligi jiddiy aviatsiya hodisasi yuzasidan surishtiruv boshladi.

10-yanvar kuni Qozog‘iston osmonida Rossiyaning «Pobeda» aviakompaniyasi samolyoti Uzbekistan Airways aviakompaniyasi samolyoti bilan xavfli darajada yaqinlashdi. Bu haqda Nur.kz xabar berdi.
Qozog‘iston Transport vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, favqulodda vaziyat Chimkent tuman dispetcherlik markazining mas’uliyat hududida qayd etilgan. Rossiyaning «Pobeda» aviakompaniyasiga tegishli Vnukovo – Samarqand yo‘nalishidagi PBD997 reysi hamda «Uzbekistan Airways» milliy aviakompaniyasining Termiz – Moskva yo‘nalishidagi UZB9609 reysi havoda bir-biriga xavfli masofada yaqinlashgan.
Hodisa Ostona vaqti bilan ertalabki soat 05:42 atrofida sodir bo‘lgan bo‘lib, so‘nggi soniyalarda fojianing oldi olingan.
Qoidalarga muvofiq, mazkur aviatsiya hodisasi tekshiruv o‘tkazishga vakolatli organ tomonidan o‘rganilishi lozim bo‘lgan jiddiy aviatsiya insidenti sifatida tasniflangan.
«Transport vazirligi tomonidan jiddiy aviatsiya insidentini tekshirish bo‘yicha komissiya tuzilmoqda. Tekshiruv muddati, Komissiyani tayinlash to‘g‘risidagi buyruq chiqarilgan paytdan boshlab tekshiruv natijalari bo‘yicha hisobot tasdiqlangunga qadar, agar qo‘shimcha tadqiqotlar va ishlar talab etilmasa, odatda uch oydan oshmaydi», - deb xulosa qilgan Qozog‘iston Transport vazirligi.





