O‘zbekistonda 12 ball jarima to‘plagan haydovchilar soni keskin oshdi

Bugun 15:072 daqiqa

Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilganlar yana bu huquqni qaytarib olish uchun avvalgiday faqat imtihon topshirmaydi, nazariy va amaliy bilimlar bo‘yicha avtomaktablarda o‘qishi ham talab etiladi.

O‘zbekistonda 12 ball jarima to‘plagan haydovchilar soni keskin oshdi

YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshevning Vaqt.uz’ga ma’lum qilishicha, jarima balli tizimi joriy etilganidan so‘ng 12 ball to‘plab, haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lgan haydovchilar 49 nafarni tashkil etmoqda. Shuningdek, 132 ta haydovchi sakkiz balldan yuqori ballarni olgan.

Eng ko‘p jarima ball olish holati Toshkent shahrida qayd etilgan

Poytaxtda 29 nafar haydovchining jarima balli 12 baldan oshgan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati — 8 ta va Buxoro viloyati — 3 ta holat bilan qayd etilgan.

Shuningdek, Toshkent va Andijon viloyatlarida 2 tadan, Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Namangan, Surxondaryo hamda Xorazm viloyatlarida 1 tadan holat aniqlangan.

12 ball qayd etilmagan hududlar

Navoiy, Qashqadaryo, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida esa hozircha 12 ball to‘plagan haydovchilar qayd etilmagan.

«Transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilganlar yana bu huquqni qaytarib olish uchun avvalgiday faqat imtihon topshirmaydi, nazariy va amaliy bilimlar bo‘yicha avtomaktablarda o‘qishi ham talab etiladi. Bunda nazariy imtihonda avvalgidek 20 savoldan 18 tasiga emas, 50 ta savoldan 46 tasiga to‘g‘ri javob berishi lozim bo‘ladi. Qoida buzmaganlarga esa jarima ham, jarima balli ham yo‘q», deydi Zoyir Yo‘ldoshev.

Ma’lum qilinishicha, 12 balga yetgan barcha 49 ta holat sud organlariga yuborilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-1-moddasiga muvofiq, bir yil ichida 12 ball to‘plagan haydovchilar kamida olti oyga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, jarima ballari tizimi 2025 yil 1-iyundan boshlab joriy etilgan. Dastlab yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan tuzilgan bayonnomalar asosida ballar hisoblangan.

2026 yil 1-apreldan esa avtomatik kameralar orqali aniqlangan qoidabuzarliklar uchun ham ballar qo‘shila boshladi. Ular orasida svetoforga bo‘ysunmaslik, tezlikni oshirish va qarshi yo‘nalishda harakatlanish kabi qoidabuzarliklar bor.

Tizimga ko‘ra, haydovchi 8 ballga yetganda SMS orqali ogohlantiriladi, 12 balldan oshganda esa haydovchilik huquqi sud tartibida bekor qilinadi va uni qayta tiklash uchun qayta o‘qish hamda imtihon topshirish talab etiladi.

Teglar

Mavzuga oid