
O‘zbekistonda 224,5 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi
Hududlar bo‘yicha eng ko‘p qurilish ishlari Toshkent shahri hamda Toshkent va Samarqand viloyatlarida amalga oshirildi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning to‘qqiz oyi davomida O‘zbekistonda qurilish sohasida jami 224,5 trillion so‘mlik ishlar amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 14,2 foizga oshgan.
Hududlar kesimida eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, bu yerda 64,1 trln so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilgan. Toshkent viloyati 25,2 trln so‘mlik ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinda. Shu jumladan, Samarqandda 14,2 trln, Buxoroda 13,8 trln va Farg‘ona viloyatida 13,7 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilgan.
Shuningdek, Andijon viloyatida 11,4 trln, Namanganda 11 trln, Surxondaryoda 10,9 trln va Navoiy viloyatida 10,5 trln so‘mlik ishlar amalga oshirilgan. Qashqadaryo viloyatida bu ko‘rsatkich 12,8 trln so‘mni tashkil etdi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 7,3 trln, Jizzax viloyatida 5,9 trln, Sirdaryoda 4,4 trln, Xorazmda esa 9,2 trln so‘mlik qurilish ishlari qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan qurilish korxonalariga qariyb 2,7 trln so‘mlik soliq imtiyozlari berilgani haqida xabar bergandik.





