
O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay tizimlari ishga tushadi
O‘zbekistonda ilk bor Apple Pay va Google Pay xalqaro to‘lov tizimlari joriy etiladi. Bu mamlakatda raqamli iqtisodiyot va fintex bozorini yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay xalqaro to‘lov tizimlarini joriy etish rejasi amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning Vashingtondagi amaliy tashrifi doirasida xabar berildi.
Davlat rahbari AQSHning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari vakillari bilan uchrashuvda mamlakatda raqamli to‘lov infratuzilmasini kengaytirish rejalarini muhokama qildi. Ushbu loyiha orqali O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay xizmatlarini rasman ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, Raqamli akademiya va startap-xablar tarmog‘ini tashkil etish, innovatsion g‘oyalarni moliyalashtirishda DFC va AQSH Eksimbanki ishtirokini ta’minlash rejalashtirilgan. Bu orqali xalqaro texnogigantlar bilan hamkorlikda yangi loyihalar amalga oshiriladi.
Apple Pay va Google Pay tizimlarini O‘zbekistonda joriy etish masalasi 2024 yildayoq kun tartibiga qo‘yilgandi. Vazirlar Mahkamasi topshirig‘iga ko‘ra, Markaziy bank, Raqamli texnologiyalar vazirligi va Turizm qo‘mitasi Apple Pay, Google Pay, PayPal, Alipay va UniPay kabi platformalar bilan muzokaralar olib borishi kerak edi.
Shuningdek, bu jarayonda milliy qonunchilik talablarini qayta ko‘rib chiqish takliflari tayyorlanishi belgilangandi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil yozida TBC Bank Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani Apple Pay va Google Pay xizmatlari hozircha O‘zbekistonda faoliyat boshlay olmayotganini ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, bu holat bulutli xizmatlarni cheklovchi shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun bilan bog‘liq bo‘lgan. Yangi muzokaralar natijasida bu to‘siqlar bosqichma-bosqich bartaraf etilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, bu tizimlar O‘zbekistonda ishga tushishi bilan mamlakatda to‘lov jarayonlari yanada xavfsiz va qulay bo‘ladi. Xorijiy onlayn xizmatlar uchun to‘lov imkoniyatlari kengayadi, turistlar uchun esa hisob-kitob qilish osonlashadi. Shu bilan birga, mahalliy banklar infratuzilmasi yangilanib, raqamli iqtisodiyot rivojiga yanada turtki beradi.





