O‘zbekistonda go‘sht yetishtirish kamaydi — Statqo‘mita esa o‘sdi demoqda
Milliy statistika qo‘mitasining 2025 va 2026-yil birinchi yarmi uchun e’lon qilgan ma’lumotlari taqqoslanganda, go‘sht yetishtirish 58,1 ming tonnaga yoki 4,3 foizga kamaygani ma’lum bo‘ldi. Qo‘mitaning yangi hisobotida esa 0,9 foizlik o‘sish qayd etilgan. Bunday tafovut qanday yuzaga kelgani izohlanmagan.

O‘zbekistonda 2026-yilning birinchi yarmida go‘sht yetishtirish kamaygan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi hisobotlari solishtirilganda ma’lum bo‘ldi.
Milliy statistika qo‘mitasining 2026-yil birinchi yarmi bo‘yicha hisobotida O‘zbekistonda 1 mln 299 ming tonna tirik vazndagi go‘sht yetishtirilgani ko‘rsatilgan.
Shunga qaramay, qo‘mitaga ko‘ra, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 0,9 foizga ko‘p.
Biroq tashkilotning 2025-yil birinchi yarmi uchun e’lon qilgan hisobotida go‘sht yetishtirish hajmi 1 mln 357,1 ming tonnani tashkil etgani qayd etilgan.
Ikki hisobotdagi hajmlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqqoslanganda, ishlab chiqarish o‘smagan, aksincha, 58,1 ming tonnaga yoki 4,3 foizga kamaygan.
Qo‘mita ko‘rsatgan 0,9 foizlik o‘sish kelib chiqishi uchun 2025-yil bazasi qariyb 1 mln 287,4 ming tonna bo‘lishi kerak. Bu avval e’lon qilingan ko‘rsatkichdan 69,7 ming tonna yoki 5,1 foizga kam.

Bu qadar katta farqni yuzaga keltiradigan 2025-yilgi ma’lumotlar keyinchalik qayta hisoblangani yoki statistik qamrov o‘zgargani haqida ma’lum qilinmagan.
Hatto Qo‘mitaning yangi bazasi qabul qilingan taqdirda ham, 0,9 foizlik o‘sish oxirgi olti yildagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Go‘sht yetishtirish 2021-yilda 4,4 foizga, 2022-yilda 2,5 foizga, 2023-yilda 3,8 foizga, 2024-yilda 3,4 foizga va 2025-yilda 3,6 foizga oshgani qayd etilgandi.
Shu ma’noda, rasmiy ko‘rsatkichning o‘zi ham go‘sht ishlab chiqarish deyarli o‘sishdan to‘xtaganini ko‘rsatmoqda.
Eng katta ishlab chiqaruvchilarda pasayish kuzatilgan
O‘zbekistonda go‘shtning 79,1 foizi dehqon va tomorqa xo‘jaliklari tomonidan yetishtiriladi. Qo‘mitaning yangi hisob-kitobiga ko‘ra, bu xo‘jaliklarda ishlab chiqarish 0,4 foizga kamaygan.
Fermer xo‘jaliklarida go‘sht yetishtirish 14,8 foizga oshgan. Biroq ularning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi atigi 8,7 foizni tashkil qiladi. Qishloq xo‘jaligi tashkilotlari hissasiga esa go‘shtning 12,2 foizi to‘g‘ri kelgan va ulardagi o‘sish 0,7 foiz bilan cheklangan.
Shu sababli fermer xo‘jaliklaridagi yuqori o‘sish go‘shtning asosiy qismini yetishtiradigan dehqon va tomorqa xo‘jaliklaridagi pasayishni to‘liq qoplay olmagan.
Import miqdori 20 foizga oshdi
Vaqt.uz tasarrufidagi Bojxona qo‘mitasining import ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar—iyul oylarida O‘zbekistonga go‘sht va go‘sht mahsulotlari olib kirish keskin ko‘paygan.
Jadvaldagi barcha mahsulotlar miqdori hisoblanganda, import 2025-yilning mos davridagi 150,6 ming tonnadan 180,8 ming tonnaga yetgan. Bir yil ichida xorijdan 30,2 ming tonna yoki 20 foiz ko‘proq go‘sht olib kirilgan.

Importning umumiy qiymati esa 420,4 mln dollardan 574,9 mln dollarga oshgan. O‘zbekiston go‘sht va go‘sht mahsulotlari importiga bir yil avvalgidan 154,5 mln dollar ko‘proq sarflagan.
Import qiymati miqdorga qaraganda tezroq o‘sgan. Natijada bir kg mahsulotga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha import qiymati 2,79 dollardan 3,18 dollarga yoki 13,9 foizga ko‘tarilgan.
Asosiy xarajat mol go‘shtiga to‘g‘ri kelgan
Yanvar—iyul oylarida mol go‘shti importi 9,3 foizga oshib, 90,1 ming tonnaga yetgan. Uning qiymati esa 30,1 foizga ko‘payib, 433,4 mln dollarni tashkil qilgan.
Mol go‘shti umumiy import qiymatining 75,4 foizini egallagan. Import xarajatlaridagi 154,5 mln dollarlik o‘sishning qariyb uchdan ikki qismi ham aynan mol go‘shtiga to‘g‘ri kelgan.
Bir kilogramm mol go‘shtining o‘rtacha import qiymati 4,04 dollardan 4,81 dollarga yoki 19 foizga oshgan.
Qo‘y go‘shti importi miqdor bo‘yicha 37,7 foizga ko‘payib, 18,9 ming tonnaga yetgan. Uning qiymati esa 2,3 barobarga oshib, 43,8 mln dollarni tashkil qilgan. Bir kilogrammga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha qiymat 1,41 dollardan 2,31 dollarga ko‘tarilgan.
Tovuq go‘shti importi 24,8 foizga oshib, 39,8 ming tonnaga, qiymati esa 28,4 foizga ko‘payib, 47,6 mln dollarga yetgan.
Mol, qo‘y va tovuq go‘shti birgalikda import xarajatlaridagi umumiy o‘sishning 87,5 foizini shakllantirgan.
Ayrim kichik toifalarda ham keskin o‘zgarish kuzatilgan. O‘rdak go‘shti importi 64 tonnadan 4,6 ming tonnagacha, kurka go‘shti importi esa 408 tonnadan 2,3 ming tonnagacha oshgan. Bu yo‘nalishlarda o‘sish past taqqoslash bazasi hisobiga ham yuqori ko‘rinmoqda.
Ikki yo‘nalishdagi raqamlar bir muhim holatni ko‘rsatmoqda: mahalliy go‘sht yetishtirish kamaygan bir paytda xorijdan go‘sht va go‘sht mahsulotlari xaridi sezilarli darajada oshgan. Import uchun sarflanayotgan mablag‘ esa uning jismoniy hajmidan ham tezroq ko‘paymoqda.





