O‘zbekistonda havo harorati 28 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda
Ayrim kunlari respublika hududining ba’zi joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati +20...+25 daraja atrofida bo‘ladi. Shimolda, janubda va cho‘l hududlarida +28 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

O‘zbekistonda 21–24-mart kunlari havo harorati bosqichma-bosqich ko‘tarilib, ayrim hududlarda 28 darajagacha yetishi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zgidromet» ma’lum qildi.
21-mart kuni respublika hududining katta qismida quruq va iliq ob-havo saqlanadi. Faqat Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kunning ikkinchi yarmida ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Kunduzgi harorat +20...+25 daraja atrofida bo‘ladi.
23–24-mart kunlari esa respublika bo‘ylab ob-havo o‘zgarishi kutilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari hududlarda qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘adi, ayrim joylarda momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Harorat asosan +20...+25 daraja atrofida saqlanadi, ammo shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarda +28 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda. Kechalari havo harorati +7...+12 daraja iliq bo‘ladi.
Sinoptiklar tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel va suv toshqinlari yuzaga kelish ehtimolidan ogohlantirmoqda. Bu esa ayniqsa, bahorgi yog‘ingarchiliklar fonida xavfni oshiradi.
Poytaxt Toshkent shahrida 21-mart kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi, harorat +21...+23 daraja bo‘ladi. 23–24-mart kunlari esa vaqti-vaqti bilan qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilib, kunduzgi harorat +20...+25 daraja atrofida saqlanadi.





