
O‘zbekistonda import hajmi eksportga qaragandan 8,5 mlrd dollarga oshdi
2025 yilning 10 oyida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida import hajmi eksportdan 8,5 mlrd dollarga ko‘p bo‘ldi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yil yanvar–oktabr oylarida respublikaning tashqi savdo aylanmasi 66,5 mlrd AQSH dollariga yetdi. 2024 yilning shu davriga nisbatan 11,7 mlrd dollarga yoki 21,5 foizga ko‘paydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tashqi savdo aylanmasida eksport hajmi 29 mlrd 5 mln AQSH dollariga va import hajmi esa 37 mlrd 533 mln AQSH dollariga yetdi. Bu davr mobaynida tashqi savdo balansida 8 527,5 mln dollar farq kuzatildi.
O‘zbekiston jahonning 210 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining yuqori ulushi Xitoy (19,7 foiz), Rossiya (15,9 foiz), Qozog‘iston (5,9 foiz), Turkiya (3,7 foiz) va Koreya Respublikasi (2,2 foiz) hissasiga to‘g‘ri keldi.
Eksport tarkibida tovarlar ulushi 73,3 foizni tashkil etdi. Unda asosan sanoat tovarlari (10,9 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (8,2 foiz), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (6,0 foiz) hamda har xil tayyor mahsulotlar (4,9 foiz) hissasi yuqori bo‘ldi.
Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (34,0 foiz), sanoat tovarlari (15,8 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (12,3 foiz) hisobiga to‘g‘ri keldi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yilning yanvar–oktabr oyida import qilingan tovarlar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 4,4 mlrd dollarga ko‘payib, 33,4 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi. Xizmatlar importi esa 4 mlrd 66,7 mln AQSH dollariga yetdi.





