
O‘zbekistonda «muddatli to‘lov» alohida qonun bilan tartibga solinadi — Markaziy bank
Markaziy bank aholining ortiqcha qarzdorligini cheklash uchun bo‘lib-bo‘lib to‘lov xizmatlarini bosqichma-bosqich tartibga solishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistonda bo‘lib-bo‘lib to‘lov xizmatlarini tartibga solishga qaratilgan alohida qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Bu haqda Markaziy banki raisining o‘rinbosari Sanjar Nosirov 13-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, regulyator ushbu bozor segmentida tizimli tartibga solishni joriy etishni rejalashtirmoqda va bu yo‘nalishda hukumat bilan hamkorlikda ish boshlangan. Ilk qadam sifatida Markaziy bank bo‘lib-bo‘lib to‘lovlar bo‘yicha yagona standartlarni ishlab chiqdi hamda ularni soha assotsiatsiyalari bilan bo‘lishdi. Ayni paytda bozor ishtirokchilari mazkur standartlarni amaliyotga joriy etishni boshlagan.
Sanjar Nosirovning ta’kidlashicha, keyingi bosqichda alohida qaror va qonun qabul qilish ko‘zda tutilgan. Bu jarayonlar bo‘yicha ichki tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlangan. Regulyator bo‘lib-bo‘lib to‘lovlarni bir zumda emas, balki bosqichma-bosqich huquqiy maydonga olib kirish niyatida.
Markaziy bankning asosiy xavotiri aholining, ayniqsa, uy xo‘jaliklarining ortiqcha qarz yukiga botib qolishidir. Shu sababli regulyator bir qator ehtiyot choralarini joriy etmoqda. Xususan, bo‘lib-bo‘lib to‘lovlar bo‘yicha ma’lumotlarni kredit byurolariga majburiy taqdim etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Keyingi bosqichda esa bo‘lib-bo‘lib to‘lov xizmatlarini taklif qiluvchi kompaniyalardan mijozlarning qarz yukini hisobga olish talab etiladi. Bunda bozor ishtirokchilari kredit byurolaridan ma’lumot olishi, qarz yuki koeffitsiyentini hisoblashi va belgilangan limitlarga qat’iy rioya qilishi shart bo‘ladi.





