add

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi oshdi – Milliy statistika qo‘mitasi

2025 yilning 9 oyi mobaynida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2024 yilning mos davriga nisbatan 19,2 foizga o‘sdi.

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi oshdi – Milliy statistika qo‘mitasi

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6 mln 166,9 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19,2 foizga o‘sdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 10 mln 379,6 ming so‘m bilan Toshkent shahriga to‘g‘ri kelib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,7 foizga o‘sgan. Shuningdek, bu ko‘rsatkich Samarqand viloyatida 4 mln 853,3 ming so‘m, Namangan viloyatida 4 mln 543,8 ming so‘m, Sirdaryo viloyatida 4 mln 930,8 ming so‘m, Farg‘ona viloyatida 4 mln 574,5 ming so‘m va Jizzax viloyatida 4 mln 589 ming so‘mni tashkil qildi.

Qashqadaryo viloyatida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 4 mln 270,8 ming so‘m bo‘lib, boshqa hududlarga nisbatan pastroq ekanligi kuzatildi.

Shu jumladan, iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi miqdori 2025 yilning 3-choragida bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasida ish haqi miqdori 16 mln 828,9 ming so‘mni tashkil etib, so‘nggi besh yil ichida 9 mln 92 ming so‘mga oshganligi kuzatildi.

Shuningdek, ta’lim sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 4 mln 188,5 ming so‘mni tashkil etdi. Xususan, o‘rtacha oylik ish haqi oliy ta’lim sohasida 9 mln 513,3 ming so‘mni, texnik va professional ta’lim sohasida 4 mln 259,7 ming so‘mni, umumiy o‘rta ta’lim sohasida 4 mln 136,7 ming so‘mni, maktabgacha ta’lim sohasida esa 2 mln 771,5 ming so‘mni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, axborot va aloqa sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 14 mln 985,8 ming so‘mni tashkil etdi. Jumladan, o‘rtacha oylik ish haqi kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar sohasida 19 mln 995,7 ming so‘m, axborot xizmati ko‘rsatish sohasida 18 mln 642,9 ming so‘m hamda aloqa sohasida 11 mln 758,6 ming so‘m ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida, o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 2024 yilda 5 mln 172,1 ming so‘mni, 2023 yilda 4 mln 424,2 ming so‘mni tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi oshdi – Milliy statistika qo‘mitasi | Vaqt.uz