add

O‘zbekistonda suyultirilgan gaz ta’minoti o‘tgan yil davomida 637 ming tonnadan oshdi

Bugun 10:152 daqiqa

O‘tgan yil mobaynida gaz ta’minoti sifatini yaxshilash maqsadida 28,9 mingta qo‘shimcha maishiy gaz balloni aholiga tarqatildi.

O‘zbekistonda suyultirilgan gaz ta’minoti o‘tgan yil davomida 637 ming tonnadan oshdi

2025 yil davomida O‘zbekistonda aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash hajmi keskin oshirilib, jami 637,3 ming tonnadan ortiq mahsulot iste’molchilarga yetkazib berildi. Bu ko‘rsatkich mamlakatda energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj yuqori darajada qondirilayotganini anglatadi.

«Hududgaztaʼminot» AJ ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda 4,5 milliondan ortiq iste’molchi tabiiy gaz, 3,7 milliondan ziyod aholi esa suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. Mahsulot yetkazib berish jarayoni hududiy gaz ta’minoti filiallari balansidagi 852 ta maxsus avtotransport vositasi orqali amalga oshirilmoqda.

O‘tgan yil mobaynida gaz ta’minoti sifatini yaxshilash maqsadida 28,9 ming dona qo‘shimcha maishiy gaz balloni aholiga tarqatildi. Bu, ayniqsa, chekka hududlarda ta’minot barqarorligini oshirishga xizmat qildi.

Shuningdek, infratuzilmani kengaytirish doirasida 5 ta xususiy gaz to‘ldirish inshooti jarayonga jalb etildi. Natijada gazni saqlash quvvati 171 tonnaga, to‘ldirish quvvati esa 2,5 ming tonnaga oshirildi, bu esa ta’minot uzluksizligini ta’minlash imkonini berdi.

Sohada shaffoflikni kuchaytirish maqsadida gaz balloni topshirish jarayonida xonadon egasini FaceID orqali tasdiqlash tizimi joriy etildi. Ushbu tizim muvaffaqiyatli sinovdan o‘tib, barcha hududlarda amaliyotga tatbiq etildi.

2025 yil iyun oyida suyultirilgan gaz — propan narxi birja savdolarida 30 foizga oshgani qayd etilgan.

Milliy statistika bergan ma’lumotga ko‘ra, oktabr oyida propan narx 3,3 foizga oshgan.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi ichki bozorda mahalliy propan hajmi qisqarib, import hissasi ortishi narx shakllanishiga bosim o‘tkazyotganini bildirgan edi. Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi metan cheklovlari davrida suyultirilgan gaz — propan narxlarini sun’iy oshirish alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi.

Raqobat qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, propan narxi 9,3 mln so‘mdan 7,8 mln so‘mga tushgan. Narxni sun’iy oshirgan 92 ta korxonaga nisbatan monopoliyaga qarshi ish qo‘zg‘atilgan.

Teglar

Mavzuga oid