add

O‘zbekistonda uy-joy savdosi 13,2 foizga oshdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil noyabr oyida O‘zbekistonda uy-joy oldi-sotdisi 13,2 foizga oshgan, ijara narxlari esa o‘sishda davom etmoqda.

O‘zbekistonda uy-joy savdosi 13,2 foizga oshdi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025 yil noyabr oyi uchun O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi asosiy tendensiyalarni baholash natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi shartnomalari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,2 foizga oshib, 25 mingta bitimni tashkil etgan.

Hududlar kesimida eng yuqori yillik o‘sish Buxoro, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida qayd etildi. Ushbu hududlarda uy-joy bozori faolligi mos ravishda 35,4 foiz, 26,5 foiz va 21,7 foizga oshgan. Respublika bo‘yicha barcha bitimlarning qariyb 30 foizi poytaxt hissasiga to‘g‘ri kelib, noyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy savdosi hajmi yillik hisobda 8,8 foizga o‘sgan.

Ikkilamchi uy-joy bozoridagi holat

Ikkilamchi uy-joy bozorida respublika bo‘yicha narxlarning o‘rtacha 7 foiz atrofida mo‘’tadil o‘sishi kuzatilgan. Narxlar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Surxondaryo, Jizzax va Namangan viloyatlarida qayd etilgan bo‘lib, ushbu hududlarda o‘rtacha o‘sish 17 foizni tashkil etgan.

Toshkent shahrida esa bozor segmentlari o‘rtasida farq kuzatilmoqda. Yillik hisobda poytaxtda ikkilamchi uy-joy narxlari o‘rtacha 0,9 foizga pasaygan. Eng katta pasayish Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlarida qayd etilgan. Shu bilan birga, birlamchi uy-joy bozorida narxlar 4 foizga o‘sib, eng yuqori o‘sish Yakkasaroy, Mirabod va Mirzo-Ulug‘bek tumanlarida kuzatilgan.

Poytaxtda ijara bozori

Noyabr oyida Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi bir kvadrat metr uchun 8,7 dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga yuqori.

Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 11 dollar. Shuningdek, ijara narxlari Mirzo Ulug‘bek, Mirabod va Bektemir tumanlarida yillik hisobda o‘rtacha 8 foiz atrofida oshish qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid