O‘zbekistonda yomg‘ir va momaqaldiroq prognoz qilindi
O‘zbekistonda 30-mart — 3-aprel kunlari qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi kutilmoqda.

Joriy hafta O‘zbekistonning qator hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» ma’lum qildi.
30-mart kuni kunduzi shimoli-g‘arbiy hududlarda ob-havo o‘zgarishi kutilmoqda. Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, ushbu hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, ayrim joylarda momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
Kunning ikkinchi yarmiga kelib, yog‘ingarchilik markaziy va janubiy viloyatlarning ayrim hududlariga ham tarqalishi ehtimoli bor. Bu jarayon qisqa muddatli bo‘lib, mahalliy xususiyatga ega bo‘lishi ta’kidlanmoqda.
31-mart va 1-aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yomg‘irli ob-havo saqlanib qoladi. Shuningdek, respublika bo‘ylab tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ham momaqaldiroq bilan yog‘ingarchilik kuzatilishi kutilmoqda.
2-3-aprel kuni shimoli-g‘arbiy hududlar, cho‘l zonasi va janubiy viloyatlarda havo beqaror bo‘lib qoladi. Ushbu hududlarda ham qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq ehtimoli yuqori ekani aytilmoqda.
Toshkent shahrida esa bugun kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Biroq kechga yaqin qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin. Harorat 22–24 daraja atrofida iliq bo‘ladi.





