add

O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 17 mlrd dollardan oshdi

Bugun 16:403082 daqiqa

Yil boshidan beri xorijdan kelgan mablag‘lar sezilarli o‘sdi, ammo noyabr oyida oylik hajm pasaygan.

O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 17 mlrd dollardan oshdi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonga transchegaraviy pul o‘tkazmalari orqali 17,3 mlrd dollar miqdorida valuta mablag‘lari kelib tushdi.

Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga, yoki 3,5 mlrd dollarga ko‘pdir. Ko‘rsatkichlar mamlakat iqtisodiyotida tashqi pul oqimlarining hali ham muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatmoqda.

image_2025-12-13_15-14-21

Shu bilan birga, yil oxiriga yaqin oylarda o‘sish sur’ati sekinlashdi. Xususan, noyabr oyida pul o‘tkazmalarining oylik hajmi keskin qisqarib, 1,48 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu yil davomidagi eng past oylik ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda pul o‘tkazmalarining eng yuqori oylik hajmi iyul oyida qayd etilgan bo‘lib, o‘sha paytda mamlakatga 1,97 mlrd dollar kelib tushgan. Keyingi oylarda pasayish tendensiyasi kuzatilib, oktabr oyida bu ko‘rsatkich 1,86 mlrd dollarga tushgan.

Shu bilan birga, xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistondan xorijga chiqib ketgan valuta mablag‘lari hajmi 2,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 157 mln dollarga kam bo‘lib, chiqimlar qisqarayotganini anglatadi.

Yilning birinchi yarmida mamlakatga kelgan pul o‘tkazmalari 27 foizga o‘sib, 8,2 mlrd dollarga yetgan. Ushbu o‘sish asosan mehnat migrantlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan.

Jo‘natilgan mablag‘larning katta qismi, ya’ni 78 foizi yoki 6,4 mlrd dollari Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan mablag‘lar Qozog‘iston, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva va boshqa davlatlardan yuborilgan.

Markaziy bank prognoziga ko‘ra, 2026 yilda xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 6–10 foizga, o‘rta muddatli davrda esa 8–12 foizga o‘sishi mumkin. Regulyator bunga tashqi valuta kurslari dinamikasi, mehnat migrantlariga talabning yuqoriligi va migratsiya yo‘nalishlarining kengayishini asosiy omil sifatida ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yil davomida banklar aholidan 19,4 mlrd dollar valuta sotib olganligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid