O‘zbekistonlik harbiylar AQSHda rekord o‘rnatdi

Bugun 18:451 daqiqa

Missisipidagi xalqaro musobaqada o‘zbekistonlik harbiylar jismoniy va taktik sinovlarda eng yuqori natijalarni qayd etdi.

O‘zbekistonlik harbiylar AQSHda rekord o‘rnatdi

O‘zbekistonlik harbiylar AQSHda o‘tkazilgan “Eng ilg‘or jangchi–2026” musobaqasida rekord natijalarni qayd etdi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi axborotiga ko‘ra, harbiy xizmatchilar Ilhom Salomov va Turdimurod Avlayev 16–18-mart kunlari Missisipi shtatidagi “Camp Shelby” harbiy-o‘quv bazasida bo‘lib o‘tgan musobaqada ishtirok etgan. Ular AQSH Milliy gvardiyasi maxsus bo‘linmalari harbiylari bilan bellashgan.

Musobaqa doirasida ishtirokchilar 13 ta murakkab shartni bajargan. Ular orasida to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, tunda 15 km masofaga oriyentirlash, 20 kg yuk bilan 20 km marsh yugurish, artilleriya olovini boshqarish hamda NATO standartlari bo‘yicha qurollarni yig‘ish va ajratish kabi sinovlar bor.

Jamoaviy bahsda o‘zbekistonlik harbiylar 20 kg yuk bilan 20 km masofani 1 soat 48 daqiqada bosib o‘tib, musobaqa rekordini yangiladi.

Yakka bahslarda esa Turdimurod Avlayev to‘siqlar yo‘lagini 10 daqiqa 34 soniyada bosib o‘tdi, Ilhom Salomov esa tunda 15 km oriyentirlashni 59 daqiqada bajardi.

Qayd etilishicha, har ikki harbiy ushbu natijalari orqali bir nechta shartlar bo‘yicha musobaqa rekordlarini yangilagan. Yakunda ular maxsus sovrin bilan taqdirlandi.

Ma’lumot uchun, o‘zbekistonlik harbiylar mazkur musobaqada 2019 yildan beri muntazam ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etib kelmoqda. Ilgari ular Pokistondagi xalqaro musobaqada ham rekord o‘rnatgan edi.

Teglar

Mavzuga oid