
O‘zbekistonlik migrantlar yuborayotgan pul miqdori 4 barobarga oshdi
Shavkat Mirziyoyevga migratsiya jarayonlarini xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan axborot berildi. Unda o‘zbekistonlik migrantlar o‘n oyda qancha pul yuborgani ochiqlandi.

2016 yilga nisbatan chet elda ishlayotgan fuqarolarning soni kamaygan bo‘lsa-da, ular tomonidan yuborilgan mablag‘ 3,8 milliard dollardan 2025 yilning o‘n oyi yakunida 15,8 milliard dollarga yetdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 18-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish va migratsiya jarayonlarini xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan axborot berilgan.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mehnat bozori diversifikatsiya qilinayotgani sabab fuqarolar asosan yuqori maoshli ish o‘rinlarida ishlash uchun xorijga ketmoqda.
Yig‘ilishda hozirda 140 ming nafar mutaxassisga buyurtma mavjudligi, ammo til va kasbiy malaka bo‘yicha talablarga javob bera oladigan mutaxassislarni tayyorlash borasida qilinadigan ishlar hali ko‘plgi ko‘rsatib o‘tilgan. Bundan tashqari, mehnat migratsiyasi xizmatlari tarqoq bo‘lgani uchun odamlar ovoragarchilikka duch kelmoqdaligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda sohadagi xizmatlarni tartibga solish, barcha jarayonlarni “yagona darcha” tamoyili asosida birlashtirish vazifasi qo‘yildi.
Toshkent shahri Uchtepa tumanida “Xorijga ishga tayyorlash markazi”, Termiz shahrida “Yagona migratsiya xizmatlari” markazi tashkil etiladi. Poytaxtning Yashnobod tumanida esa xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda nemis va yapon tillariga o‘qitish maktablari ochiladi.





