
O‘zbekistonliklar asosan qaysi xorijiy davlatlarda o‘qishmoqda?
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining eng ko‘pi Rossiyada ta’lim olishyapti. AQSH, Britaniya, Germaniya va Koreya kabi mamlakatlarda ham ko‘plab o‘zbekistonliklar tahsil olmoqda.

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida jami 27,8 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi o‘qish maqsadida xorijiy davlatlarga safar qilgan. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 6,7 ming nafarga yoki 19,3 foizga kamaygan.
Qayd etilishicha, ta’lim maqsadida eng ko‘p safar qilingan davlat sifatida Rossiya yetakchilikni saqlab qolmoqda. Hisobot davrida 6 235 nafar o‘zbekistonlik aynan shu mamlakatni tanlagan. Ikkinchi o‘rinda Tojikiston joy olgan bo‘lib, u yerga 5 943 nafar fuqaro o‘qish uchun borgan.
Keyingi o‘rinlarda Qirg‘iz Respublikasi (4 219 nafar) va Janubiy Koreya (3 410 nafar) qayd etilgan. Bu davlatlar geografik yaqinlik, ta’lim xarajatlarining nisbatan arzonligi va o‘qish shartlarining qulayligi bilan ajralib turadi.
Shuningdek, Turkiya 2 381 nafar talaba bilan beshinchi o‘rinni egallagan. Xitoyda esa 1 231 nafar, Qozog‘istonda 1 074 nafar o‘zbekistonlik ta’lim olmoqda.
Yevropa va G‘arb davlatlari orasida Buyuk Britaniya 870 nafar talaba bilan yetakchi hisoblanadi. Undan keyin Germaniya (384 nafar) va AQSH (333 nafar) joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH, Buyuk Britaniya, Italiya, Koreya, Xitoy kabi mamlakatlardan ko‘plar kishilar O‘zbekistonga ta’lim olish maqsadida kelishgani haqida xabar bergandik.





