Logo

O‘zbekistonliklar iPhone 18 sotib olish uchun necha kun ishlashi kerak?

Kecha 21:542 daqiqa

O‘zbekistonda iPhone 18 Pro 1 800 dollardan, Pro Max esa 2 150 dollardan taklif qilinmoqda. Bu o‘rtacha maosh oluvchi aholining mos ravishda 90 va 108 kunlik daromadiga teng.

O‘zbekistonliklar iPhone 18 sotib olish uchun necha kun ishlashi kerak? © Apple

Apple 9-sentabrda iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max smartfonlarini taqdim qildi. Yangi modellar qator mamlakatlarda 18-sentabrdan sotuvga chiqdi. O‘zbekistonda ham ularni sotib olish bo‘yicha takliflar paydo bo‘lgan.

“Malika” savdo markazidagi do‘konlarning 20-sentabrdagi narxlar ro‘yxatiga ko‘ra, 256 GB xotirali iPhone 18 Pro’ning faqat eSIM bilan ishlaydigan varianti 1 800 dollar, Pro Max esa 2 150 dollardan taklif qilinmoqda. Jismoniy SIM-kartali variantlarda narx mos ravishda 2 100 va 2 250 dollar.

2

Foto: Apple.

Milliy statistika qo‘mitasining hisobotiga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida o‘rtacha oylik ish haqi 7 mln 91 ming so‘m bo‘lgan. Oyni shartli ravishda 30 kun deb olsak, bu kuniga qariyb 236 ming so‘m degani.

Markaziy bankning 19-sentabrdan amal qilayotgan rasmiy kursi bo‘yicha bir dollar 11 839,59 so‘m. Shu kursda 1 800 dollarlik iPhone 18 Pro 21,3 mln so‘mga, 2 150 dollarlik Pro Max esa 25,5 mln so‘mga tushadi. Do‘kon qo‘llaydigan kurs farq qilsa, so‘mdagi narx ham o‘zgaradi.

Demak, o‘rtacha maosh oluvchi xodim iPhone 18 Pro uchun taxminan uch oylik, Pro Max uchun esa uch yarim oydan ko‘proq maoshini sarflashiga to‘g‘ri keladi.

Xotira hajmi va SIM-karta turiga qarab, bu muddat yana uzayadi:

Model va xotira

Faqat eSIM: narx

Kunlik maoshga teng

SIM/eSIM yoki dual: narx

Kunlik maoshga teng

iPhone 18 Pro, 256 GB

$1 800

90 kun

$2 100

105 kun

iPhone 18 Pro, 512 GB

$2 100

105 kun

$2 650

133 kun

iPhone 18 Pro Max, 256 GB

$2 150

108 kun

$2 250

113 kun

iPhone 18 Pro Max, 512 GB

$2 350

118 kun

$2 700

135 kun

iPhone 18 Pro Max, 1 TB

$3 800

190 kun

$4 000

200 kun

Narxlar — Mobi Store’ning 20-sentabrdagi taklifidan olindi. Kunlar eng yaqin butun songa yaxlitlangan. Narxlar rang va xotiraga qarab har kuni o‘zgaradi.

Ro‘yxatdagi eng qimmat, 4 000 dollarlik variant qariyb 47,4 mln so‘m turadi. Bu o‘rtacha hisoblangan maoshning 200 kuniga, ya’ni olti yarim oydan ko‘prog‘iga teng.

3

Foto: Apple.

Sohalar o‘rtasidagi farq ham katta. Masalan, 2 150 dollarlik iPhone 18 Pro Max bank va moliya sohasidagi o‘rtacha 40 kunlik maoshga teng.

Umumiy o‘rta ta’limda bu 164 kunni, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda esa 172 kunni tashkil qiladi.

Hisoblashda ushbu sohalardagi mos ravishda 19,1 mln, 4,67 mln va 4,44 mln so‘mlik o‘rtacha oyliklar asos qilib olindi.

Biroq bu raqamlar telefon uchun amalda shuncha vaqtda pul yig‘ish mumkinligini anglatmaydi. O‘rtacha maoshlar bo‘yicha ko‘rsatkich hisoblanganda, yashash xarajatlari inobatga olinmagan.

Ovqatlanish, ijara, yo‘lkira va boshqa zarur xarajatlardan keyin qoladigan pul bilan telefonga jamg‘arish esa ancha uzoqroq vaqt oladi.

Ammo bu kasblar o‘rtasidagi moliyaviy erkinlikning turlicha ekanini ko‘rsatib beradi.

Hisobda oylik 30 ga bo‘lingani uchun natija ish kunlarini emas, kalendar kunlariga teng maoshni ko‘rsatadi.

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 307

Barchasi

Mavzuga oid